DESYATINA
DESYATINA (lotincha decime) — 1) o’rta asrlarda Yevropada daromadning cherkovga to’lanadigan o’ndan bir qismi. Frantsiyada Buyuk Karl davridan (779) boshlab Desyatina to’lash majburiy bo’lgan. Aholining yuqori tabaqasi Desyatinadan ozod edi. Bu asosan dehqonlar uchun jabr bo’lib, ular mahsulotning deyarli hamma turlaridan natura shaklida Desyatina to’lagan. Desyatina Frantsiyada 1789-90 yillarda, G’arbiy Yevropaning boshqa davlatlarida 19-asrda bekor qilindi. Rossiyada Desyatina Knyaz Vladimir Svyatoslavovich (taxminan 978-1015) tomonidan joriy etilgan bo’lib, dastlab cherkov uchun to’langan, keyinroq umumiy soliqqa aylanib ketgan; 2) 18-asr boshlarigacha Rossiyada eparxiyaning bir qismi, cherkov okrugi. Desyatinaga desyatilnik (o’nboshi) boshchilik qilgan; 3) metrik o’lchov tizimi qabul qilingunga qadar Rossiyada qo’llanilgan asosiy yuza o’lchovi. 2400 kvadrat sarjin (1,09 gektar) ga teng. 18-asr oxiri — 19-asr boshida xo’jalik Desyatinasi qo’llanilib, u 3200 kvadrat sarjin (1,45 gektar) ga teng bo’lgan.