DIRIJYORLIK

DIRIJYORLIK (Fransuzcha diriger — yo’naltirish, boshqarish, rahbarlik qilish) — musiqa ijrochiligi san’atining murakkab turi; musiqa asarini ijroga tayyorlash jarayonida qamda bevosita tinglovchi — tomoshabinlar oldida ijrochilar (orkestr, xor, ansambl, opera, balet jamoalari va boshqalar) ga raqbarlik qilish. Odatda bir (ba’zan, ikki) dirijyor tomonidan amalga oshiriladi. Dirijyorlik jamoaviy musiqa ijrosining uyg’unligi, badiiy va texnik mukammalligini ta’minlaydi. Ko’p ovozli musiqa murakkablashuvi va orkestr ijrochiligining rivoji natijasida 15-asr 1-yarmida yuzaga kelib, uni amaliyotga I. Mozel (Avstriya), K. M. Veber va L. Shpor (Germaniya)lar kiritgan. L. Betxoven, G. Berlioz, R. Vagnerlar Dirijyorlik san’ati asoschilaridan. Xalqaro e’tibor qozongan birinchi dirijyor X. fon Byulov (Germaniya) bo’lgan. 19-asr oxiri — 20-asr boshlarida chet el Dirijyorlik san’ati ustalari sifatida X. Rixter, A. Nikish (Vengriya), F. Veyngartner va R. Shtraus (Germaniya), G. Maler (Avstriya), M. Balakirev, A. va N. Rubinshteynlar, S. Raxmaninov, S. Kusevis-kiy (Rossiya) va boshqalar tanilgan. Keyingi davrda G. Fon Karayan (Avstriya), L. Stokovskiy, Yu. Ormandi, L. Bernstayn (AQSh), B. Valter, V. Furtvengler, O. Klemperer (Germaniya), A. Toskanini (Italiya), E. Mravinskiy, A. Melik-Pashaev, E. Svetlanov, G. Rojdestvenskiy (Rossiya), Sh. Myunsh (Frantsiya), K. Ancherl (Chexiya) va boshqalar Dirijyorlik sohasida katta ijodiy yutuqlarga erishgan. O’zbekistonda ilk dirijyorlar orasida F. V. Leysek, N. Mironov, V. Uspenskiy va b. bo’lgan. O’zbek davlat filarmoniyasi, Navoiy nomidagi opera va balet teatri, Muqimiy nomidagi o’zbek musiqali drama teatrida simfonik orkestrlar tashkil etilgach, N. Olimov, A. Kozlovskiy, M. Ashrafiy, B. Inoyatov, M. Nasimov, T. Sodiqov, F. Shamsutdinov, A. Abduqayumov, D. Abdurahmonova, Z. Haqnazarov, G’. To’laganov, N. Xalilov, H. Shamsutdinov, B. Rasulov va boshqalar dirijyorlar yetishib chiqdi. Respublikamizda xor (S. Valenkov, A. Sultonov, B. Umidjonov, A. Hamidov va boshqalar), o’zbek xalq cholg’ulari orkestri (T. Jalilov, A. Petrosyans, S. Aliev, D. Zokirov, M. Bafoev), 1970-yillardan kamer orkestr (E. Azimov va boshqalar) dirijyorligi ham rivoj topdi. O’zbekistan milliy konservatoriyasida operasimfonik va o’zbek xalq cholg’u orkestri dirijyorligi sinflari mavjud. Ad.: Azimov K., O’zbekistan dirijyorlari, T., 2001. To’xtasin G’ofurbekov.