DYUKER
DYUKER (nemischa Duker), qaynama — kanal suvini Daryo yoki boshqa kanal o’zani, chuqur vodiy, yo’l va shu kabi to’siqlar bilan kesishgan joydan o’tkazish uchun yotqiziladigan quvur shaklidagi bosimli suv o’tkazgich. Kanaldagi suv sathi kesib o’tiladigan to’siq sathiga yaqin bo’lgan va akveduk orqali suvni o’tkazish mumkin bo’lmagan hollarda qo’llaniladi. Dyuker beton, temir-beton, po’lat, yog’ochdan qilingan bo’lishi mumkin. Material suv bosimi kuchiga qarab tanlanadi. Bosim 30-50 metr bo’lganda betondan, 50-100 metr bo’lganda oldindan kuchlantirilgan temir-betondan, 100 metr va undan ortiq bo’lgan hollarda va bosimi past bo’lsada, Daryo o’zani ostidan o’tkazilsa, metalldan quriladi. Yog’och Dyuker uzoq chidamasligi uchun kamdan-kam qo’llaniladi. Dyuker konstruktsiyasi bo’yicha bir quvurli yoki ko’p quvurli; shakli (ko’ndalang kesimi) to’g’ri burchakli yoki aylana bo’ladi. Dyuker uzunligi kesib o’tiladigan joyning katta-kichikligiga qarab bir necha o’n metrdan bir necha kilometrgacha bo’lishi mumkin. Dyuker Daryo va kanal ostidan o’tkazilganda maxsus o’yilgan chuqurlikka yotqizilib, 1 metrdan kam bo’lmagan qalinlikda tuproq bilan ko’miladi. Dyuker suvsiz soyliklarni kesib o’tganda ko’milmay, ochiq qoldiriladi. Kanal Dyuker boshi va qaynama uchastkasi bilan ravon birlashtiriladi. Quvurning loyqa bosishiga yo’l qo’ymaslik uchun Dyukerda ko’pincha oqim tezligi 1,5—4,0 metr/sekund oralig’ida qabul qilinadi. Oqiziqlar cho’kib to’planishini bartaraf qilish maqsadida qum ushlagich va balchiq to’sgich quduqlar quriladi. Dyuker boshida cho’p-xaslarni ushlab qoladigan panjara o’rnatiladi. Dyukerning suv o’tkazish quvvati muayyan material (yog’och, temir-beton, metall)dan yasalgan bosimli quvurlar kabi maxsus gidravlik hisoblash yo’li bilan aniqlanadi. Dyuker konstruktsiyasi ekspluatatsiya qilish davrida inshootni muntazam kuzatib turish, tuzatish va tozalashni; quvurlar ulangan va Dyuker boshi kanal bilan tutashtirilgan choklardan suv sizmasligini; kanal tozalanayotgan yoki suv bog’lanmagan davrlarda uni suvdan bo’shatishni ta’minlashi lozim. Ad.: Gidrotexnicheskie soorujeniya: [Ucheb. posobie], Pod Red. N. P. Rozanova, M., 1985; Husanxo’jaev 3. H., Gidrotexnika inshootlari, T., 1968. Masharif Boqiev.