Ellinizm davri nima?
Mashriqzaminda Iskandar Zulqarnayn nomi bilan mashhur Aleksandr Makedonskiyni tavsiflayotganda «Buyuk» ta’rifini uning ismi sharifidan oldin aytmaslikning hech iloji yo’q. U 13 yilga yaqin (m.av. 336-323 y.y.) hukmronlik qildi, biroq Aleksandrning lashkarboshilik fazilatlari jahon xaritasini tamomila o’zgartirib yuborgan imperiyaning tiklanishiga asos hozirladi. Uning murshidi Aristotel yunonlarga nisbatan o’ziga tenglar sifatida hurmat ko’rsatdi, yovvoyilarga esa qullar sifatida munosabatda bo’ldi. Yunonlarning ustunligiga behad ishongan Aleksandr butun imperiyada yunon madaniyatini kuch vositasida yoya boshlaydi. Fors saltanati va Misrning zabt etilishi Aleksandr va uning vorislarida dabdaba-yu as’asaga havas uyg’otadi. Hashamat va mahobat ellin madaniyati ustunligini oshkora tasdiqlashga xizmat qiladigan san’atning farqlovchi belgilariga aylandi. Demokratik Afinada eng avj ravnaqqa erishgan san’at yangicha talablarga javoban o’z shaklini o’zgartiradi. Rassomchilik va haykaltaroshlikda yangi janrlar dunyoga keldi. Nihoyatda xos bo’lgan bir misol — san’at vositalari bilan imperator, mutlaq hukmdorning siymosini yaratish — Eron va Misr san’atlari allaqachonlar egallagan, biroq hali afinaliklarga notanish bir tajriba. Ellinizm davrida mutlaq, hukmdor tamomila yangicha talablari bilan chiqqan yangi tavsifdagi buyurtmachi sifatida namoyon bo’lgan edi. Imperiyaning jug’rofiy ko’lamlari esa o’z-o’zidan o’zaro aloqalar va ayirboshlashlar uchun ulkan imkoniyatlar silsilasini ochib bergan edi. Bu taqozo yangi pardozlash materiallari vujudga kelishiga va badiiy buyumlarga ishlov berish mahoratining rivojlanishiga sharoit hozirladi. Dong’i ketgan Farnez jomi tayyorlangan aqiq singari yangi qimmatbaho toshlar kashf etildi. Imperiyada dabdaba va boylik bobida bir-biri bilan raqobatlashadigan yangi shaharlar bunyod etildi. Pergamda ham, Afinadan o’rnak tariqasida, Akropol qurildi. Yunon madaniyatini teran qayta o’zlashtirish asnosida o’ziga singishtirib yuborgan ellinizm uning uzoq yashab qolishini ta’minladi.