ENTEROBIOZ
ENTEROBIOZ (entero… va Yun. — hayot) — ostrisalar qo’zg’atadigan gijja kasalligi. Ular odam ichagida parazitlik qiladi. Urg’ochi gijjalar vaqtvaqti bilan orqa chiqaruv teshigidan o’rmalab chiqib (ko’pincha kechasi) shu teshik atrofidagi teri burmalariga tuxum qo’yadi. Tuxumlar 4-6 soat davomida lichinkalarga aylanadi. Bu davrda orqa chiqaruv teshiga sohasi qattiq qichishadi; qashinish davomida bemor parazit tuxumini qo’liga ilashtiradi, tuxum o’rin ko’rpaga, kiyim-kechakka ham tushadi; o’rin ko’rpa yig’ilganda esa tuxum ba’zan havoga o’tadi, o’yinchoqlarga, ro’zg’or buyumlariga, suv, oziq-ovqatlarga, og’iz va burun shilliq pardalariga o’tirib qoladi. Parazitning organizmda (ichakda) yashash davri 3-4 hafta. Shunday qilib, odamning ostrisa bilan zararlanishi doimiy ravishda davom etadi. Ostrisalar ichak devorining shilliq qavatiga boshi bilan yopishib olib, o’sha joyda qon sizib turadigan mayda yuza yaralar hosil bo’lishiga olib keladi. Ostrisalarning yashash davomida ajratgan mahsuloti ta’sirida va unga bakterial infektsiya qo’shilishi oqibatida ichak shilliq qavatining yallig’lanishi, teri qattiq qichishishi bilan kechadigan allergik holat, shuningdek, bemor qichinaverishi natijasida uzoq vaqt bitmaydigan, jzemaga o’xshash yara hosil bo’lishi, atrofi qizarib yallig’lanishi mumkin. Bemor uyqusizlikdan qiynaladi, ishtahasi yo’qoladi, boshi, qorni og’riydi, ichi ketib, kuchaniq keladi, asabi, ruhiyati buziladi. Enterobioz bilan kasallangan bolalarda uyqusizlik, bosh og’rishi, tez toliqish, ishtaha pasayishi, uyquda tish g’ijirlatish, kechasi siyib qo’yish, burun qichishishi va boshqalar qolatlar kuzatiladi. Enterobioz bo’lgan qizlarda ostrisalar jinsiy a’zolarga o’rmalab chiqishi va qattiq qichishtirishi oqibatida onanizm kelib chiqadi. Enterobiozni vrach davolaydi.