EPIDIDIMIT

EPIDIDIMIT (Yunoncha moyak ortig’i) — moyak ortig’ining yallig’lanishi. Infektsiya kirishi yoki yorg’oqqa shikast yetishi sabab bo’ladi. Stafilokokk, streptokokk hamda sil, brusellyoz, so’zak, zoxmdan kelib chiqadigan Epididimitlar farq qilinadi. Infektsiya moyak ortig’iga (gripp, zotiljam va boshqalar kasalliklarda) qon orqali yoki urug’yo’llaridan o’tadi. Epididimit o’tkir va surunkali kechadi. O’tkir Epididimit to’satdan boshlanadi, moyak ortig’i, yorg’oq sohasi qattiq og’riydi, gavda temperaturasi ko’tariladi, og’riq chov va yonbosh sohalariga tarqaladi, moyak ortig’i kattalashib, qattiqlashadi, yorg’oqning tegishli yarmi qizarib, shishadi. Agar yallig’lanish kuchli bo’lsa, moyakda shish paydo bo’ladi. Surunkali Epididimit vaqt-vaqti bilan qo’zib turadi. Epididimitni vaqtida oldi olinmasa, kasallik urug’o’tuvchi yo’llarning berkilib qolishi va bepushtlikkya olib kelishi mumkin. Davosi . Yorg’oqqa suspenzoriy (maxsus xaltacha) taqiladi, fizioterapevtik muolajalar (UVCH terapiya, ultratovush), antibiotiklar buyuriladi. Epididimitga sabab bo’lgan omillar bartaraf etiladi. Moyak ortig’i yiringlasa operatsiya qilinadi.