Ergash Fozilov (1933-2014)
Fozilov Ergash Ismoilovich (1933.10.3, Yangiyo‘l shahri — 2014) — tilshunos-turkiyshunos olim. O‘zbekiston Fanlar akademiyasi akademigi (2000), filologiya fanlari doktori (1967), professor (1976).
Moskva universiteti filologiya fakultetini va ayni paytda shu universitet qoshidagi Sharq tillari institutini tugatgan (1957). O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Til va adabiyot institutida kichik va katta ilmiy xodim (1960-68), tarixiy-etimologik lug‘atlar bo‘limi mudiri (1968 — 82), ayni paytda direktor o‘rinbosari (1974-82), Berlin universiteti sharq tillari fakulteti professori (1982-86), Toshkent viloyati partiya komiteti kotibi (1987-89), O‘zbekiston Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirining o‘rinbosari (1990-92) bo‘lib ishlagan.
Ergash Fozilovning ilmiy ishlari turkiy tillar, jumladan, o‘zbek tilining shakllanish tarixi, taraqqiyot yo‘llari, eski o‘zbek tili grammatikasi, leksikasi tadqiqiga, 14—15-asr yozma yodgorliklarini o‘rganishga bag‘ishlangan.
Ergash Fozilov 4 jildli «Alisher Navoiy asarlari tilining izohli lug‘ati» (1983— 85) tuzuvchilaridan biri.