ERON TOG’LIGI
ERON TOG’LIGI — G’arbiy Osiyodagi yirik tog’lik, asosan, Eronda, shuningdek, Afg’oniston va Pokistonda, qisman Iroq va Turkmaniston Janubda. G’arbda Mesopotamiya pasttekisligi va Sharqda Hind vodiysi oralig’ida joylashgan. Uzunligi g’arbdan sharqqa 2500 kilometr, shimoldan janubga 1500 kilometrga cho’zilgan, Maydoni 2,7 million kilometr kvadrat. Eron tog’ligi alphimolay geosinklinal oblastida Alp orogenezi natijasida vujudga kelgan. Relefi murakkab, burmali va burmalipalaxsali tog’lar bilan birga ular orasida akkumulyativ tekisliklar ham uchraydi. Keng ichki yassitog’liklar (balandligi 500 metrdan 2000 mtrgacha) shimoldan Elburs (balandligi 5604 metr), Turkmaniston, Xuroson, Paropamiz, Hindukushning g’arbiy tizmalari bilan, Janubdan Zagros, Makron, Sulaymon tog’lari bilan o’ralg’an. Yassitog’liklar ichki qismida berk botiqdar, chekkalarida Dashti Kavir, Dashti Marg’o, Dashti Lut va boshqalar qumli cho’llar, sho’rxoklar bor. Cho’lli botiqlar qir va tog’lar (Ko’hirud, Sharqiy Eron va boshqalar) bilan ajralgan. Iqlimi subtropik kontinental, quruq iqlim. Ichki yassitog’liklarda yillik yog’in 100 millimetr, tog’larda 500 millimetrgacha, Sulaymon va Elburs tog’larining tashqariga qaragan yon bag’irlarida 1000-2000 millimetrgacha. Daryolari (Hilmand, Safedrud, Hirirud va boshqalar) kamsuv, qisqa, asosan, sug’orishda foydalaniladi. O’simliklari chala cho’l va cho’l hamda quruq dashtga xos. Sharqiy yon bagirlarida savanna, siyrak o’rmonlar, shim. yon bag’irlarida sernam keng bargli subtropik o’rmonlar bor. Tuprog’i, asosan, bo’z tuproq. Hayvonot dunyosida sudralib yuruvchilar, hasharotlar va o’rgimchaklar keng tarqalgan. Voha dehqonchiligi va yaylov chorvachiligi bilan shug’ullaniladi.