ESHITISH
ESHITISH — odam va hayvonlar organizmining tovush tebranishlarini qabul qilish xususiyati; mexanik, retseptor va nerv tuzilmalaridan tashkil topgan eshitish analizatorlari faoliyati tufayli ro’y beradi. Tovush ta’sirida odamda tovush signallari parametrini aks ettiruvchi Eshitish sezgisi paydo bo’ladi; buning natijasida tovush tebranishlari chastotasi tovush balandligi tarzida qabul qilinadi. Organizmlarning Eshitish xususiyati ular evolyutsion rivojlanishi, yashash muhiti va tovush signallarining biologik ahamiyati bilan bog’liq. Evolyutsiya jarayonida Eshitish sistemasi dastlab hasharotlarda, keyinroq barcha umurtqalilarda paydo bo’lgan. Eshitish sut emizuvchilarda ayniqsa yaxshi rivojlangan. Tovush tebranishlari tashqi Eshitish yo’li (tashqi quloq) orqali o’tib, nog’ora pardani tebratadi. Tebranishlar o’rta quloqdagi suyakchalar orqali ichki quloq suyuqligi (perilimfa va endolimfa) ga o’tadi. Paydo bo’lgan gidromexanik tebranishlar chig’anoq to’sig’i (asosiy, ya’ni bazilyar membrana) ni va unda joylashgan retseptor apparat (korti organi) ni tebratadi. Bazilyar membrananing mexanik xususiyati uning uzunligi bo’ylab bir xil bo’lmaydi: yuqori chastotali tebranishlar bazilyar membrananing ichki quloq chig’anog’i asosida, past chastotali tebranishlar esa uning uchki qismida maksimal amplitudaga ega bo’lgan tebranishlarni paydo qiladi. Shunday qilib, korti organida tovush tebranishlari mexanik energiyasi retseptorlarni qo’zg’atadi, qo’zg’alish reseptorlardan Eshitish nervlari tolalariga beriladi. Nervlarda paydo bo’lgan bioelektr potentsiallar Eshitish sistemasi markazi bo’limiga o’tkaziladi. Eshitish signallari faqat havo orqali emas, balki kalla suyaklari orqali ham ichki quloqqa o’tkazilishi mumkin. Eshitish sezgirligi Eshitishning absolyut chegarasi orqali baholanadi. Bu chegara tovushning Eshitish mumkin bo’lgan minimal intensivligi disibal (db) hisobida belgilanadi. Qabul qilinadigan tovush tebranishlari chastotasi diapazoni Eshitish egri chizig’i, Gers yoki kilogers bilan ifodalanadi. Odam 10-20 Gts dan 20 kGs gacha bo’lgan tovush tebranishlarini qabul qiladi, 10 Gts dan past tebranishli tovushlar uzluksiz tovush tarzida qabul qilinmaydi. Odamda Eshitishning eng quyi chegarasi 1-3 kGs chastotaga teng. Juda yuqori tebranishli tovush to’lqinlari — shovqin (masalan, 140 db og’riq paydo qiladi; 150 db tovushga odam chiday olmaydi). Har xil hayvonlar turli diapazondagi tovush to’lqinlarini (masalan, hasharotlar 0,2 kGs — 500 kGs, baliqlar 50-100 Gts — 3-5 kGs, delfinlar 100 Gts -200 kGs) qabul qiladi. Umurtqali hayvonlardan qushlarning Eshitish sezgirligi sudralib yuruvchilarnikidan, sut emizuvchilarniki qushlar va sudralib yuruvchilarnikidan yuqori bo’ladi. Tovushni farqlash imkoniyati differentsial chegara, ya’ni Eshitish mumkin bo’lgan tovush o’zgarishining minimal chegarasi (intensivligi yoki chastotasi) bilan belgilanadi. Odamda tovushni farqlash differentsial chegarasi (o’rtacha diapazonda) intensivlik bo’yicha 0,3—0,7 db, chastota bo’yicha 2— 8 Gts ga teng. Tovush signallari kuchayishi bilan tovushni farqlash ham kuchayadi, uning differentsial chegarasi esa kamayib boradi. Bunday holat nutq signallari va musiqa ohanglarini qabul qilishda ham namoyon bo’ladi. Odamni musiqa ohanglari absolyut balandligini aniqlay olish qobiliyati absolyut Eshitish deyiladi. Boshqa begona tovushlar ta’sirida tovushni qabul qilish xususiyati yomonlashuvi, hatto butunlay yo’qolishi mumkin (niqoblanish hodisasi). Kuchli tovushlar uzoq vaqt davomida ta’sir etganida Eshitish sezgirligi pasayadi (fiziologik adaptatsiya). Eshitish sistemasi ikkala simmetrik joylashgan qismlarining o’zaro ta’siri tovush manbaini aniqlashga imkon beradi (binaural effekt). Bir qancha hayvonlar (ko’rshapalaklar, delfinlar, ayrim qushlar) ob’ektlarning fazoda joylashgan o’rni, shakli, o’lchamini aniqlashga imkon beradigan maxsus Eshitish sistemasi — exolokasiya xususiyatiga ega. Ular o’zlari chiqargan va ob’yektdan qaytadigan signallarni qabul qilishadi. Eshitishning fiziologik mexanizmlari uzilkesil hal etilmagan; Ad.:Sviker E., Feldkeller R., Uxo kak priyomnik informasii, Per, s nem., M., 1971; fiziologiya sensornmx sistem, ch. 2, L., 1972; Almatov K.T., Allomuradov Sh ., Umumiyfiziologiya,T., 2004.