ESKI KERMEN
ESKI KERMEN — Qrimdagi o’rta asr g’or shahri xarobasi; stolovaya tog’ining tik yon bag’rida, Boqchasaroydan 18 kilometr Janubi g’arbda joylashgan. Shahar 5-asr oxiri — 6-asr boshida barpo etilgan. Qazishmalar (1928-37, rahbari N.I.Repnikov) natijasida Eski kermen Vizantiya tomonidan Xerson (Xersones)ga boradigan yo’lda qurilgan muhim qal’a bo’lganligi aniqlangan. Shahar qalin mudofaa devori bilan o’ralgan; qoya o’yilib, yer osti suv ombori (hovuz) qilingan, undan qamal paytida foydalanishgan. 6-asrda xristian bazilikasi bunyod ztilgan. 8-asr oxirida shahar xazarlar tomonidan vayron etilganligi taxmin qilinadi. 11-asrda u qayta tiklangan. 12-asrda Feodoro knyazligi tarkibiga kirgan. 12-13-asrlarda shahar ravnaqtopgan (12-asrda Uspenskiy cherkovi qurilgan). Shahar turar joylari zich joylashgan. Ko’chalar, ko’plab tosh uylar, qoyaga o’yib ishlangan xo’jalik inshootlari, molxona va boshqalar qoldiqlar topilgan. Aholi dehqonchilik, hunarmandchilik, savdo bilan shug’ullangan. 1229 yil shahar mo’g’ullar tomonidan vayron etilib, undagi hayot tugagan.