FARG’ONA VILOYATI
FARG’ONA VILOYATI — Turkiston general-gubernatorligi tarkibidagi viloyatlardan biri. 1876 yil 19 Fevralda Rossiya imperiyasi tomonidan bosib olingan Qo’qon xonligi hududida tashkil qilingan. Tarkibiga Marg’ilon, Andijon, Qo’qon, Namangan, O’sh uezdlari va Pomir kirgan. Maydoni taxminan 160,1 ming kilometr. Ma’muriy markazi — yangi Marg’ilon shahri. (1907-24 yillarda Skobelev shahri). Farg’ona viloyati aholisi 1897 yilgi aholi ro’yxatiga ko’ra, 1560411 kishidan iborat bo’lgan. Aholisining asosiy mashg’uloti — dehqonchilik va chorvachilik. Viloyatda ekin ekiladigan yerlar 860000 desyatinani tashkil qilgan. Dehqonchilikda, asosan, bug’doy, kunjut, paxta, tamaki, beda, jo’xori, arpa, tariq va boshqalar ekilgan. Ayniqsa, paxtachilikka e’tibor berilgan, 1901 yil viloyatning 232500 desyatina yeriga paxta ekilgan. Bog’dorchilik rivojlangan. Farg’ona viloyatidan chetga paxta, ipak, jun, poyabzal, teri, gilam, sholi chiqarilgan. Mahalliy maktab va o’quv yurtlari 2246 ta, masjidlar 6554 bo’lgan. Farg’ona viloyati aholisi Rossiya imperiyasining mustamlakachilik siyosatiga karshi ko’plab chiqishlar qilgan. Ayniqsa, 1898 yildagi Andijon qo’ztloni va 1916 yildagi O’rta Osiyo qo’zg’olonida faol qatnashgan. 1924 yil O’rta Osiyo respublikalarida milliy davlat chegaralanishi o’tkazilishi munosabati bilan Farg’ona viloyati tugatilgan.