FE’L-ATVOR

FE’L-ATVOR, xarakter — shaxsning atrof muhitga va o’zo’ziga munosabatida namoyon bo’ladigan individual xususiyati. Har bir kishining Fe’l-atvorida uning bosib o’tgan hayot yo’li aks etadi. Kishining Fe’l-atvorini bilib, ma’lum vaziyatda o’zini qanday tutishini oldindan ko’rish va uning xattiharakatini to’g’ri yo’naltirish mumkin. Fe’l-atvor xususiyatlarining 4 ta tizimi bor: 1) ayrim insonga, guruhga, jamoaga nisbatan munosabatlarni ifodalovchi xususiyatlar (yaxshilik, Mehribonlik qilish, talabchanlik va boshqalar); 2) mehnat faoliyatiga nisbatan munosabatni aks ettiruvchi xususiyatlar (mehnatsevarlik, dangasalik, vijdonlilik, mehnatga mas’uliyat yoki mas’uliyatsizlik bilan munosabatda bo’lish va boshqalar); 3) narsa va ashyolarga nisbatan munosabatni ifodalovchi xususiyatlar (ozodalik yoki ifloslik, narsalarni ayash yoki ularga ehtiyotsizlik bilan yondashish va boshqalar); 4) insonning o’zo’ziga nisbatan munosabatini ifodalovchi xususiyatlar (izzat-nafslilik, shuhratparastlik, dimog’dorlik, kamtarlik va boshqalar). Fe’l-atvorning xususiyatlari tug’ma va o’zgarmaydigan xususiyatlar emas, u insonning turmush sharoitlariga bog’liq holda tarkib topib, o’zgarib boradi, takomillashadi. Fe’l-atvorning shakllanishida bir necha turli ruhiy ta’sirlar mavjud bo’lib, ularning ichida odat muhim ahamiyat kasb etadi. Fe’l-atvor umumbashariy sifatlar bilan cheklanib qolmasdan, milliy va etnopsixologik xususiyatlarga ham ega. Masalan, o’zbek millatining o’ziga xos milliy Fe’l-atvor xislatlari mavjud. Fe’l-atvor sifatlari turmush jarayonida tarbiya, mexnat va ijtimoiy sharoit ta’siri bilan ma’lum darajada o’zgaradi. Uni yaxshi tomonga o’zgartirishda axloqning ijtimoiy me’yorlarini o’zlashtirish, o’zo’zini tarbiyalash ham katta ahamiyatga ega. Fe’l-atvorning shakllanishida ijtimoiy muhit va tarbiyaning ta’siri ayniqsa kuchli.