FILARMONIYA
FILARMONIYA (Yunoncha phileo — sevaman va harmonia — garmoniya) — 1) ayrim mamlakatlardagi kontsert tashkilotlarining nomi. 19-asr ikkinchi yarmida Yevropa va Amerika shaharlarida tashkil topgan ilk Filarmoniya jamiyatlari, asosan, simfonik musiqani targib qilishgan. Aksariyat mamlakatlarda Filarmoniya davlat tashkiloti bo’lib, uning vazifasi yuksak badiiy musiqa asarlarini va etuk ijrochilar mahoratini tashviq qilishdan iborat. Musiqa bilan birga ba’zan estrada san’ati turlari (sahna raqsi, badiiy o’qish va boshqalar)ni ham namoyish qiladi. Filarmoniya tarkibida yirik musiqa jamoalari (orkestr, xor va boshqalar), turli ansambl, yakkaxon xonanda va sozandalar faoliyat ko’rsatadi; 2) O’zbek davlat filarmoniyasi 1936 yilda tashkil topgan (1970 yildan Muhiddin Qoriyoqubov nomida, 1996 yildan «O’zbeknavo» birlashmasi tarkibida), 2000 yildan mazkur tashkilot Muhiddin Qoriyoqubov nomidagi akademik va xalq, badiiy jamoalar direktsiyasi deb ataladi. Dastlab tarkibida M. Uzoqov, Yusufjon qiziq, Usta Olim, Ahmadjon qo’shnay, Tamaraxonim ansambli, shuningdek, milliy ashula va raqs ansambli (1938 yildan O’zbek xalq cholg’ulari orkestri), xor kapellasi, simfonik orkestr (1938), «Dutorchi qizlar ansambli» (1939), Davlat torli kvarteti (1940) va boshqalar, keyinchalik «Xaytarma» (1950), «Lazgi», «Zarafshon», «Kayagim» (1960), «shodlik» (1970) kabi ashula va rake ansambllari faoliyat ko’rsatgan. Keng tinglovchilar jamoasi (ayniqsa, maktab o’quvchilari)ning mumtoz musiqa bilan yaqindan tanishtirish maqsadida O’zbek Filarmoniyasi tomonidan 1950- yillardan boshlab ma’ruzali kontsertlar (Ya.Pekker, T. Jumayev, I.l.Akbarov, T. G’afurbekov va boshqalar), maqom kechalari uyushtirilgan. Mahalliy ijodkorlar bilan birga jahonning yirik san’at namoyandalari (E.Rode, G.Ginzburg, L.Oborin, M.Rostropovich va boshqalar), taniqli musiqa jamoalari — AQSh jaz orkestri (B. Gudmen), Rossiya simfonik orkestri (E. Svetlanov), Chex filarmonik orkestri (K.Ancherl) va boshqalarning kontsertlari uyushtirilgan. Gulshan Tursunova.