Folnomalar nima?
Kishilar juda qadim-qadim zamonlardan beri bashorat qilishning turli tariqalari asoslanadigan maxsus kitoblarga tartib berganlar. Ular odamzotni qurshab turgan olamni g’ayritabiiy kuchlar boshqaradi, degan tasavvur va aqidaga tayanishgan. Shu bois kishilar tabiat hodisalari, odamlar va hayvonlarning o’zini tutishi va xatti-harakatlari ustidan kuzatish asosida insonni kelajakda nimalar kutayotgani haqida xulosa chiqarish mumkinligiga ishonishgan. Fol ochish tariqalarining tavsiflari jamlangan to’plamlar folbinlik kitoblari degan nom olgan. Eng ko’hna kitoblardan biri — «Gromnik» — Momaqaldiroqnoma. Unda muayyan bir kunda momaqaldiroq sodir bo’lgani-bo’lmaganiga bog’liq bashoratlar darj etilgan. Oyning kuni Burj — zodiak belgilari bilan bog’lanar va shu asosda bo’lg’usi hosil, shaxsiy omad yoki kimningdir qismati haqida bashorat dunyoga kelar edi. «Gromnik» bilan tag’in bir kitob — oyning muayyan kunlarida chahmoq chaqishi yuzasidan bashoratlar darj etilgan «Molniynik» — Yashinnoma ham aloqadordir. Binobarin, oyning o’ninchi kunidagi yashin ocharchilikdan, 15 va 30 — kunlaridagisi — «qahri yumshoq qish va turfa ne’matlar vofirligi»dan darak bergan. «Lunniki» — oynomalar va «Planetniki» — Sayyoranomalar kitoblarining nomlanishidan ham ko’rinib turibdiki, bashoratlar inson tavallud topgan sananing muayyan Sayyora va oy davri bilan go’yo mavjud bo’lgan bog’liqligiga asoslangan. Tug’ilgan kun istalgan fol ochish tizimida alohida ahamiyatga ega bo’lgan. Imorat qurilishini boshlash, nikohlanish, savdo bitimlari imzolash uchun xush kunlar ana shu kitoblar yuzasidan tanlab olingan. «Lunniki» asosida oyning turli davrlari munosabati bilan ob-havo, taqdir, inson sog’lig’ini bashorat qilishar, oyning holatiga bog’lagan holda «xush» va «noxush» kunlarni belgilashardi. Masalan, Kempning «goblinlar minorasi» fantastik sagasida jodugar kampir Goaniya qahramon Kortologiyada, Ariameda, qirol Felin ikkinchi hukmronligining yigirmanchi sanasi Asad oyining o’n beshinchi kuni tongda tavallud topganini bilib olgani zahoti uning taqdirini bashorat qiladi. «Lopatochniki» — Kuraknomalarda qo’chqorning kurak suyagi asosida tole haqida fol ochish uchun tavsiyalar jamlangan edi. Bir qaynatib olingan kurak suyagining shakli va qalinligiga qarab nikoh, molu davlat, ehtiyojlar, tinchlik, urush, hukmdorlarning taqdirlari xususida bashoratlar qilingan. Kitob chop etishning keng tarqalishi bilan kitoblar asosida fol ochish tariqalari ham vujudga keladi. Avvalboshda ular faqat Muqaddas xushxabar kitoblariga daxldor bo’lgan va ular orasida eng ko’p tarqalgani — Psaltir edi. Kitob asosida fol ochish tasodifan topilgan so’z, jumla yoki misrani ayni o’sha vaziyatlarga nisbatan qo’llashdan iborat bo’lgan. Dastavval kitobni shunchaki tavakkaliga ochishar va sahifadagi birinchi so’z yoki jumlani talqin qilishardi. Keyinchalik bu usul ancha-muncha murakkablashdi: o’zini yomon ko’zdan asragan holda Injil yoki Psaltirni duo bilan qo’lga olish, kitobga cho’qinish, savolni o’ylab olish, kitobni tavakkaliga ochish va dastlab to’rt satrdagi birinchi harflarni ketma-ketlikda yozib chiqish kerak edi. Ba’zida kitobni kerakli sahifada ochish uchun qandaydir buyumdan, masalan, igna, pichoq yoki chizg’ichdan foydalanishardi. Xalqning kitob asosida fol ochishlari asosan zohiriy jihatlarini saqlab holdi, din ularning mistik mohiyatida nursizlana boshladi. Shuning uchun ham XVIII asrdayoq fol ochish uchun turli-tuman kitoblardan, masalan, kerakli talqinni tanlab olish oson bo’lgan rang-barang naqllar va hikmatlar to’plamlaridan foydalana boshladilar. Kitob asosida fol ochish ko’pincha ko’ngil xushnudligi turlaridan biriga aylanib qolgan kezlar ham uchrab turgan.