FONOLOGIYA

FONOLOGIYA (fono… va …logiya) — tilshunoslikning til tovush qurilishining strukturaviy (tuzilmaviy) va funktsional (vazifaviy) qonuniyatlarini, tilning eng mayda, ma’no bildirmaydigan birliklari — bo’g’inlar, fonemalarning tuzilishi va amalda qo’llanishini o’rganuvchi bo’limi. Fonologiyaning fonetikadan farqi shundaki, uning diqqat markazida fizik hodisa sifatidagi tovushlarning o’zini emas, balki ularning nutqda yanada murakkabroq ma’noli birliklar — morfemalar, so’zlarning tarkibiy qismi sifatida bajaradigan vazifasini o’rganish turadi. Shu tufayli Fonologiyani ba’zan funktsional fonetika deb ham ataydilar. Ruschex tilshunosi N. S. Trubeskoyning aniqlashicha, Fonologiya bilan fonetika o’rtasidagi o’zaro munosabat shundan iboratki, har qanday fonologik Tavsifning ibtidosi ma’no farqlovchi tovushiy ziddiyatlarni aniqlashdir; fonetik tavsif esa boshlang’ich nuqta va moddiy asos sifatida qabul qilinadi. Fonologiyaning asosiy birligi — fonema, asosiy tadqiqot ob’yekti — fonemalarning zidlanishlari (oppozisiyalari) bo’lib, bu oppozisiyalar bir butun holda tilning fonologik tizimini hosil kiladi. Muayyan o’rinda bir fonemaning ikkinchisiga qaramaqarshi qo’yilishini namoyon etuvchi so’zlar (burborbir kabi) kvaziomonimlar (soxta omonimlar) deyiladi. Odatda, tiddagi fonemalar soni kvaziomonimlar yordamida aniklanadi va bunda biryo’la bir fonemani ikkinchisiga qaramaqarshi qo’yish orqali ularning farqlanish elementlari tasnif etiladi. Mas, tolsol so’zlaridagi ikki fonema — t va s portlovchisirg’aluvchi farqlanish elementlariga ega. Ularning har ikkisi ham til oldi, jarangsiz, shovqinli undoshlardir va bu belgilari farqlanmovchi elementlar deyiladi. Demak, fonema tilda o’z vazifasini fonologik jihatdan farqlanuvchi va farqlanmovchi elementlar orqali bajaradi. Fonologiya zamonaviy ma’nodagi mustaqil tilshunoslik fani sifatida 20-asrning 20-30-yillarida shakllandi; uning yaratuvchilari N. S. Trubeskoy, russhveytsar olimi S.O.Karsevskiy, rusamerika tilshunosi R.S. Yakobsonlar bo’lib, ular 1928 yil Gaagada bo’lib o’tgan tilshunoslarning 1xalqaro Kongressida Fonologiyaning asosiy g’oyalarini bayon etganlar. N. S. Trubeskoyning «fonologiya asoslari» (1939) kitobi Fonologiya taraqqiyotidagi eng muhim bosqich bo’lgan. Fonologiya paydo bo’lishining ilk asoslari 19-asr oxirlarida nemis olimi I. Vinteler va ingliz olimi G. Suit asarlarida, umumnazariy jihatlari keyinchalik F. de Sossyur tadqiqotlarida shakllangan. Ayniqsa, Fonologiyaning rivojlanish asoslarini yaratishga ruspolyak tilshunosi I. A. Boduen de Kurtene katta hissa qo’shdi: fonema g’oyasi va uning printsiplari ilk marta uning asarlarida ishlab chiqilgan. Boduen de Kurtene tadqiqotlari negizida Leningrad va Moskva fonologik maktablari shakllandi (o’zbek tilshunoslarining fonologik tadqiqotlari ham asosan ana shu maktablar ta’sirida yaratilgan). Hozirgi kunda mazkur maktablarning fonologik nazariyalaridan tashqari Yevropa va AQShda yana 10 ga yaqin fonologik nazariyalar yaratilgan. O’zbek tili Fonologiyasini o’rganishda E.D. Polivanov, V. V. Reshetov, A. Nurmonov, A. Abduazizov va boshqalarning ilmiy ishlari ayniqsa ahamiyatlidir. Fonologiya ham fonetika kabi umumiy Fonologiya, xususiy Fonologiya, tarixiy (diaxronik) Fonologiya va tasviriy (sinxronik) Fonologiyaga bo’linadi. Umumiy Fonologiya fonemaning mohiyati, fonemalar o’rtasidagi hamda fonema va tovush o’rtasidagi munosabatlarni, fonemaning morfema va so’zga bo’lgan pog’onali munosabatini o’rganadi; tilning fonologik (fonematik) tarkibini aniklashning metod va tamoyillarini belgilaydi. Xususiy Fonologiya, umumiy Fonologiyaning metod va tamoyillariga asoslangan holda, u yoki bu tilning fonologik tizimini o’rganadi; o’z navbatida, umumiy Fonologiyaga material beradi. Tarixiy Fonologiya ma’lum bir til fonologik tizimining tarixiy taraqqiyotini, tasviriy Fonologiya esa tarixiy taraqqiyot jarayonidagi muayyan bir davrning fonologik tizimini o’rganadi. Ad.: Trubeskoy N. M., Osnovi fonologii, Per. s nem., M., 1960; zin der L . R., Obtshaya fonetika, L., 1960; Polivanov E. D., Stati po obtshemu yazikoznaniyu, M., 1968; Reformatskiy A. A., Iz istorii otechestvennoy fonologii, M., 1970; Baskakov N. A., Sodiqov A. S, Abduazizov A. A., Umumiy tilshunoslik, T., 1979, Nurmonov A. N., O’zbek tilining fonologiyasi va morfonologiyasi, T., 1990; Abduazizov A. A., O’zbek tilining fonologiyasi va morfonologiyasi, T., 1992. Abduhamid Nurmonov.