FONOTEKA

FONOTEKA (fon… va Yunoncha theke — narsalar saqlanadigan joy), fonogramarxiv — muayyan tartibda saqlanadigan ovoz (musiqali, adabiy, hujjatli, maxsus o’quv va boshqalar) yozuvlari (fonogrammalar) to’plami, ovoz yozuvlarini to’plovchi, qayta ishlovchi, saqlovchi muassasa. Yevropada 19-asr oxiri — 20-asr boshida yuzaga kelgan (Avstriya Fanlar Akademiyasi Fonotekasi, 1899; Berlin psixologiya instituti Fonotekasi, 1900 va boshqalar). Universal hamda ixtisoslashtirilgan (masalan, kinostudiyalardagi) Fonotekalar mavjud. Oliy, o’rta maxsus (ayniqsa, musiqa, teatr, pedagogika va boshqalar) o’quv yurtlarida o’quv Fonotekalar keng tarqalgan. O’zbekiston O’zteleradiokompaniyasining radio uyi, San’atshunoslik ilmiy tadqiqot instituti, O’zbekiston davlat konservatoriyasi, O’zbekiston milliy kutubxonasi va boshqalarda yirik Fonotekalar mavjud.