FORD (FORD) GENRI

FORD (FORD) GENRI (1863.30.7, AQSh, Michigan shtati Dirborn yaqinida — 1947.7.4, Dirborn) — amerikalik sanoatchi, AQSh avtomobilsozlik sanoati asoschilaridan biri. 1879 yildan Deytroytda mexanik shogirdi. 1893 yildan «Edison ilyumineyting Kompani», 1899-1902 yillarda «Deytroyt avtomobil Kompani» bosh muhandisi. 1892— 93 yillarda o’zining birinchi 4 taktli ichki yonuv dvigateliga ega bo’lgan (4 o.k.) avtomobilini yaratdi. 1903 yilda «Ford Motor» kompaniyasiga asos soldi. Keyinchalik bu kompaniya jahondagi eng yirik avtomobil kompaniyalardan biriga aylandi. O’z zavodlarida standartlashtirish va konveyerpotok usulini keng qo’lladi, mehnatni intensivlash orqali yuqori mehnat unumdorligini ta’minlashga erishdi. Keyinchalik mehnatni tashkil etishning Ford qo’llagan tizimi va uning qarashlari tarixga fordizm nomi bilan kirdi. Mehnatni va ishlab chiqarishni tashkil etish to’g’risidagi o’z qarashlari va tajribalarini «mening hayotim va ishim» (1922); «Bugun va erta» (1926); «olg’a harakat» (1930) kitoblarida bayon etgan. Asarlari 20-yillarda rus tiliga tarjima qilingan. Ad.: Lavrov N. S, Genri Ford i ego proizvodstvo, L., 1926.