FORMALIZM

FORMALIZM (lotincha sormalis — forma, shaklga oid) — inson faoliyatining turli sohalarida shakl (forma)ni mazmunga nisbatan ustun qo’yish. Urf-odat, axloq qoidalarini, hatto hayotiy vaziyat ularni ahamiyatsiz qilib qo’yganda ham, so’zsiz bajarishda, kishi ko’ziga qonunni hurmat qilayotgandek bo’lib, aslida unga ko’pda rioya qilmaslikda ko’rinadi. Jamiyatni boshqarishda byurokratizm, to’rachilikda namoyon bo’ladi. San’at va adabiyotda Formalizm — realizmga zid bo’lgan badiiy metod. San’atda Formalizm san’at va voqelikni qaramaqarshi qo’yish, badiiy shaklni mazmundan ajratish, shaklning alohidaligi va ustunligini ta’kidlashdan iborat. Formalizm 19-asrning oxiri va 20-asrda paydo bo’lgan formalistik oqimlar — futurizm, ekspressionizm, syurrealizm va boshqalarning umumiy nomi. Formalizm san’at mavjud hayotning in’ikosi emas, inson sub’yektiv olamining hayotdan mustaqil ko’rinishidir, deb da’vo qiladi. San’atning tarbiyaviy rolini, uning milliyligini, milliy an’analarini inkor etadi.