FOTOBIOLOGIYA

FOTOBIOLOGIYA (foto… va biologiya) — ultrabinafsha va infraqizil nurlar ta’sirida organizmlarda sodir bo’ladigan jarayonlarni o’rganadigan fan; biologiyaning bir bo’limi. Fotobiologiyaga 18-19- asrlarda asos solingan. Uning paydo bo’lishi fotosintezning kashf etilishi, rangli ko’rish jarayonining asoslab berilishi, yorug’lik ishtirokida sodir bo’ladigan tabiiy hodisalar (fotoperiodizm, fototaksis va boshqalar) ning aniqlanishi bilan bog’liq. Lekin Fotobiologiya mustaqil fan sifatida 20-asrning 2-yarmida nurlanish kvant ta’limotining ishlab chiqilishi, shuningdek, biokimyo, biofizika va fiziologiyaning rivojlanishi bilan bog’liq. Fotobiologiyaning vazifasi yorug’lik kvantlari energiyasining kimyoviy boglar va biologik membranalardagi elektr potentsial energiyasiga aylanishini xamda fotobiologik jarayonlarda fotokimyoviy va qorong’ilik fermentativ fazalarining o’zaro bog’lanishini aniklash, fotoreseptorlar va ular funktsiyasining molekulyar asoslarini o’rganish hamda fotobiologik jarayonlarning samaradorligi sabablarini ko’rsatib berishdan iborat. Fotobiologiya sohasidagi tadqiqotlar qishloq xo’jalik o’simliklarining hosildorligini oshirish, quyosh nuridan foydalanish, fotobiologik hodisalar printsiplari asosida sun’iy sistemalar yaratish, lazer nurlaridan biologiya, fototerapiya va xalq xo’jaligining boshqa tarmoqlarida amaliy foydalanishga oid.