FRANTSIYA-ROSSIYA URUSHI

FRANTSIYA-ROSSIYA URUSHI, Vatan urushi (1812 yil) — rus xalqining Napoleon I bosqiniga qarshi ozodlik urushi. 1806-07 yillardagi Frantsiya-Rossiya urushida rus qo’shinlari yengilgach, Tilzit sulh shartnomasiga ko’ra, Napoleon I Rossiyani Angliyaga qaratilgan mintaqaviy qurshov tizimida ishtirok etishga majbur qilgan. Rossiya Angliya bilan savdo qilishdan mahrum bo’lib qolgani bois uning iqtisodi vayron bo’lgan. 1810 yil dekabrda rus bojxonasining yangi tarifi e’lon qilinib, Rossiyaga keltiriladigan mollarga, jumladan, Frantsiyadan keltiriladigan ipak, duxoba, vino va boshqalarga boj solig’i oshirilgan. Bu Napoleon I ning Rossiyaga qarshi urushga tayyorgarlik ko’rishiga turtki bo’lgan. 1812 yil boshida Napoleon I Rossiyaga qarshi birgalashib urushish maqsadida Avstriya va Prussiya bilan ittifoq tuzgan. Napoleon I o’z ittifoqchilarining hududlarini Rossiya hisobiga kengaytirishga va’da bergan. Frantsuz imperatorining maqsadi, Rossiyani bo’lib tashlash, undan katta miqdorda o’lpon undirish, bu mamlakatni Frantsiyaning mustamlakasiga aylantirish bo’lgan. Rossiyaga qarshi yurish uchun 1372 to’pga ega bo’lgan 640 ming kishidan iborat «buyuk armiya» tuzilgan. Ularning deyarli yarmini chet elliklar (avstriyaliklar, nemislar, polyaklar, italyanlar, ispanlar, shveytsariyaliklar, portugallar va boshqalar) tashkil qilgan. Rus armiyasida 591 ming kishi bo’lib, ularda 1620 to’p bo’lgan. 1812 yil 12 iyunda Napoleon I armiyasi Neman daryosini kechib o’tgan. Frantsiya-Rossiya urushidagi harbiy harakatlarni 3 davrga bo’lish mumkin: 1 — urush boshlanishidan (iyun) Borodino jangigacha (sentabr); 2 — Borodino jangidan (sentabr) Napoleon I ning Maloyaroslavesdan chekinishigacha (dekabr); 3 — Napoleon I armiyasining halokati va uni Neman daryosidan o’tib, Rossiyadan qochishi (dekabr). 18 avgusda Napoleon I Smolenskiy shturm bilan egallab, Moskva tomon yo’l olgan. Aleksandr I 8 avgustda feldmarshal M.M.Kutuzovii bosh qo’mondon etib tayinlagan. 1842 yil 26 avgustda mashhur Borodino jangi yuz bergan. Borodino jangi Napoleon I armiyasi halokatining boshlanishi bo’ldi. M.I. Kutuzov armiyani saqlab qolish niyatida Moskvaga chekingan va Fili qishlog’ida harbiy kengashda (13 sentabr) Moskvani tashlab ketish haqida qaror qabul qilgan. Napoleon I Moskvaga kirgan kunidan boshlab (2 sentabr) shaharda yong’inlar boshlangan. Oziq-ovqat, yem-xashak yondirilgan yoki olib ketilgan. Napoleon I, 3 marotaba rus imperatoriga sulh tuzish haqida murojaat qilib, unga o’z vakillarini yuborgan. Ammo Aleksandr I sulh tuzmagan. Tarutino kishloga yakinidagi jangda ruslar golib kelganlar (17 sentabr). Moskvadagi yong’in natijasida frantsuz armiyasini boqishning iloji bo’lmagan. Bosqinchilarga qarshi rus xalqining ozodlik kurashi avjga chiqqan. Napoleon I armiyasi tang ahvolda qolgan. Rossiyadan qochayotgan frantsuz armiyasini rus qo’shinlari ta’qib qilgan. Noyabrda Rossiya o’lkalarida qahraton sovuq boshlangan. Noyabr o’rtasida Napoleon I Berezina daryosidan o’tganda uning «buyuk armiya»sidan asar ham qolmagan. Napoleon I qo’mondonlikni Myuratga topshirib, o’zi Parijga ravona bo’lgan. Bu urushda Napoleon I, 550 minglik qo’shindan mahrum bo’lgan. Rus imperiyasidagi talafot 200 ming kishini tashkil etgan. Bu urush Yevropada ozodlik kurashining avj olishiga turtki bo’lgan. Temur G’iyosov.