G’AVVOSLIK
G’AVVOSLIK — suv ostida turli ilmiy tadqiqot va amaliy ishlarni bajarish maqsadida odamlar (g’avvoslar)ni maxsus kiyimlarda suv ostiga tushirish bilan bog’liq faoliyat sohasi. Qadimda (ayrim joylarda hozir ham) odamlar suvga hech qanday vositalarsiz, nafasini 1-2 minut ichiga yutib, 20-30 metr chuqurlikkacha sho’ng’iganlar. Keyinchalik nafas olish uchun qamish nay, havo to’ldirilgan mesh, havo yostig’i ishlatiladigan bo’ldi. 18-asr oxirlarida havo nasosi ixtiro qilinganidan keyin G’avvoslik jihozlari qo’llanila boshladi. G’avvoslik texnikasi suv ichida turli ishlarni bajarish uchun mo’ljallangan kiyimbosh va asbob uskunalardan iborat. Nafas olinadigan gaz aralashmasi bilan ta’minlash usuliga ko’ra, G’avvoslik kiyimi ayrim va biriktirilgan, nafas olish sxemasi bo’yicha ventilyatsiyalanuvchi, gaz aralashmasining tarkibiga ko’ra, havoli, kislorodli, azot-kislorodli, geli-kislorodli va boshqalarga bo’linadi. G’avvoslik kiyimining havo va suv o’tkazmaydigan qobiq hosil qiluvchi va g’avvosni tashqi muhit ta’siridan saqlovchi qismi skafandr deyiladi. Bu kiyimda g’avvos shlang orqali tepadan beriladigan siqilgan havo bilan nafas oladi, maxsus klapan orqali nafas chiqaradi. 100 metrgacha chuqurlikka havo-kislorodli, 100-300 metr va undan chuqurga geli-kislorodli kiyimda tushiladi. 20-asr 30-yillari boshida ayrim kislorodli nafas olish agtarati o’rnatilgan G’avvoslik kiyimi, 40-yillarda esa havo-ballon apparatli G’avvoslik kiyimi — akvalang paydo bo’ldi, 60-yillarda g’avvoslarning suv ostida uzoq turishiga imkon beradigan suv osti uy-laboratoriyalari ishlab chiqildi. Keyinchalik G’avvoslik vositalari ancha takomillashtirildi. G’avvosni suvga tushirish, uning suv tagida ishlashi va uni yuqoriga chiqarib olish uchun G’avvoslik kompressori, havo yuborish qurilmasi, tushirish-chiqarib olish qurilmasi, signalizatsiya, aloqa va yoritish vositasi, gidrolokatorlar ishlatiladi. Vazifasiga ko’ra, G’avvoslik ishlari avariyaqutqarish, kemani ko’tarish, kemani ta’mirlash va suv osti texnikasi kabi ishlarga bo’linadi.