Gnomlar nima o’zi?
Qadim-qadim zamonlardan beri odamlar zaminda sehrgarlik sirlarini biladigan bir talay g’ayrioddiy mavjudotlar kun kechirishiga e’timod qilishgan. Ana shunday mavjudotlar sirasiga turli-tuman xalqlarning rivoyatlari va ertaklarida har xil ismlar bilan yashab kelgan gnomlar ham kiradi. Irlandiyada umrguzaronlik qilgan gnomlar sehrgar etikdo’zlar bo’lishgan. Bular, bo’yi chillasi chiqmagan chaqaloqnikidan ham past mitti, yuzlarini ajin zabt etgan cholbobolar bo’lishgan. Shotlandiyada gnomlar jinday savlatli — ularning qaddu basti 60 santimetr atrofida bo’lgan. Ular didlariga o’tirishgan uyni tanlashar va unga ko’chib kelishar edi. Tun quyuqlashishi bilan ular boshpanalaridan chiqishar va yig’ishtirishga tutinishardi — idish-tovoqlarni yuvishar va ro’zg’orning boshqa yumushlarini bajarishardi, xizmat haqlari o’rnida esa faqat bir kosa qaymoq va oq nonning chetidan olingan burda bilan qanoatlanishar edi. Ingliz gnomlari yam-yashil kamzul va oddiy shlyapa kiyib yurishar, chigirtka va ninachilar nag’masi ostida raqsga tushish bilan ko’ngillarini xushnud etishar edi. Skandinaviyada ularni oq elflar deb atashardi. Ular o’rmonlar va dalalarda yashashar, oddiy odam ularning kulbasiga olib boradigan yo’lni faqat yildagi to’rt sehrli tunlardan birida: yozdagi eng qisqa tunda, birinchi may arafasidagi kechada, Mavlud tunida va Xelovin kechasida (jami aziz-avliyolarning kuzda nishonlanadigan hayiti) topishi mumkin edi. Germaniyada kun kechirgan gnomlarning qaddu basti xuddi ingliz goblinlari va Skandinaviya trollilariniki singari balandroq bo’lgan. Ayrim sehrli mavjudotlar qaddu bast va tashqi ko’rinishda odamlardan unchalik farq qilmasdi. Hammaga tanish bo’lgan alvastilar, suv parilari va ajinalar ham ana shundaylar sirasiga kiradi. Darvoqe, shuni atayin yodda tutishingiz kerakki, gnomlarning yoxud boshqa sehrli mavjudotlarning alomatlarini tasvirlash albatta juda-juda mushkul, chunki ular odamlarning ko’zlariga kamdan-kam chalinadilar-da!