G’O’ZA BITI

G’O’ZA BITI, poliz biti — tengqanotli xartumlilar turkumi o’simlik bitlari oilasiga mansub hasharot. Barcha paxta ekiladigan mamlakatlarda tarqalgan. Tirik tug’ib ko’payadigan qanotsiz urg’ochisining (erkagi bo’lmaydi) tuxum shaklidagi (ovalsimon) tanasi 1,25 — 2,1 millimetr. Shira naychalari qora. Voyaga yetgan bitlar va lichinkalarning rangi mavsum va o’zi yashayotgan o’simlik rangiga bog’liq holda o’zgaradi. Mo’ylovlari 6 bo’g’imli, sariq, uz. tanasining 2/3 qismigacha; ko’zi qora; oyoqlari sariq. Lichinkasi voyaga etgan urg’ochisidan kichikligi va tanasining yorqin rangi bilan farq qiladi. Nimfasi och kulrang. Qanotli urg’ochilar tanasi cho’ziqroq (1,2—1,9 millimetr), boshi va ko’kragi qora, qorni sarg’ish yoki to’q yashil, qanotlari tiniq; qanoti lichinkaning ikkinchi yoshida shakllana boshlaydi. G’o’za bitining jinsiy avlodi yo’qolgan bo’lib, rivojlanish tsikli to’liq emas; partenogenez yo’li bilan (qiz holicha, urug’lanmasdan) ko’payadi, ya’ni urg’ochilari 20-60 lichinka tugadi. Qanotsiz urg’ochilar, ba’zan esa lichinka holida sovuqqa chidamli begona o’tlar (asosan gulxayrining ildiz bo’gzi yaqinidagi barglar) da qishlaydi. Qishlov davrida ularning ko’pchiligi nobud bo’lib, bahorgacha juda kam qoladi. Aprelda G’o’za biti juda jadal ko’payib, ular orasida qanotli individlar ham paydo bo’la boshlaydi. Qanotlilari har tarafga tarqalib, begona o’tlarga o’tadi va g’o’za nihollarini ilk rivojlanish davrida zararlaydi. mavsumda 20 ga yaqin avlod beradi. G’o’za biti barg shirasini so’radi va ular bujmayib, qurib qoladi. Kuzda paxta tolasi hasharot ajratgan modda tufayli bir-biriga yopishib ifloslanadi va shu yerda saprofit zamburug’larning rivojlanishiga sharoit yaratiladi. Natijada tola qorayib, buziladi (qora shira). Kurash choralari: begona o’tlarni yo’q qilish, o’simlik qoldiqlarini yig’ib olish, g’o’zaga insektisidlar purkash.