G’ULOM ZAFARIY

G’ULOM ZAFARIY (1889 – Toshkent shahri — 1938.4.12) — shoir, aktyor va dramaturg. Milliy musiqali drama janri asoschisi. Xo’ja Ahmad va Ko’kaldosh madrasalarida ta’lim olgan (1912). O’sh shahrida usuli jadid maktabini ochgan (1912-14). «Turon» jamiyati, 1916-21 yillarda shu nomli teatrda aktyor va dramaturg (1914). «Ishchilar dunyosi» jurnalida bo’lim mudiri (1917— 18). «Turon» truppasi tarkibida Oqto’ba frontida bo’lgan, «Turk rosta» gazetada mudir (1920-21). Buxoro musiqa texnikumida director (1921-23), maorif komissarligi «bilim kengashi»ning san’at sho’rosiga rais (1923-24), «Uchqun» maktabida muallim, O’zbek davlat kinosida direktor muovini, Toshkent musiqa texnikumida direktor (1926). Termiz muallimlar tayyorlash kursida mudir (1927), Samarqand musiqa va xoreografiya san’ati instituti direktori muovini (1929 — 31). 1932 yilda GPU tomonidan millatchilikda gumon qilinib, 3 yilga qamalib, ,1936 yilda qaytib kelgan. 1937 yil 29 oktabrda ikkinchi bor qamoqqa olinib, 1937 yil dekabrda (dalilsiz) otishga hukm qilingan. 1957 yilda oqlangan. 1913— 26 yillar davomida 10 dan ortiq musiqiy sahnaviy asar yaratib («Erk bolalari», «binafsha», «Halima» va boshqalar), ularni «opera» yoki «operacha» deb atagan. Uning «Bahor», «Binafsha», «Quyon», «Rahimli shogird», «mozorlikda», «Erk bolalari», «tilak», «Tatimboy ota» (1 pardali «kichik operalar»), «hali-ma» (4 pardali musiqali drama, 1918— 21), «Buzuqlik armug’oni» (3 pardali drama — 1926), «Paxtaxon», «yangi odam», «Sayil va to’y» (1936-37), «til bilg’on narsa», «toy» pesalari bor. U «Gulyor» (1923), «chin temir Botir», «ketmon chopti», «qora kunlar» (1927), «yangi ro’zg’or yerlari» (1933-34), «chin temir» (1924), «Yoshlar endi berilmas» (1926), «Vannaycha» dostonlarini yozgan. O’zbek musiqa madaniyati tarixida u musiqiy sahnaviy asarlar muallifi, milliy musiqa namunalari to’plovchisi hamda tadqiqotchisi sifatida tanilgan. G’ulom Zafariy va uning safdoshlari (Fitrat, V.Uspenskiy, Elbek) jonbozligi tufayli uyushtirilgan ilk musiqiy-folklor ekspeditsiyalari natijasida musiqa merosini to’plash va o’rganish tizimiga asos solindi: 1920-yillar boshida Buxoroda tanbur chizig’ining nusxasi topildi, 1923 — 24 yillarda Buxoro Shashmaqom», 1925 yilda Sh.Shoumarovdan Toshkent-Farg’ona maqom yo’llari ilk bor notaga yozib olindi. Elbek bilan Farg’onaga uyushtirilgan ekspeditsiya natijalari asosida milliy musiqiy folklorning birinchi (garchand nota yozuvisiz bajarilgan bo’lsa-da) tizimli nashri — «Ashulalar» to’plami tayyorlandi. Sirojiddin Ahmedov, Saida Qosimxo’jayeva.