G’URUMSAROY JANGI
G’URUMSAROY JANGI – Toshkent hokimi Yunusxo’ja bilan Qo’qon xoni Olimxon qo’shinlari o’rtasida bo’lgan jang (1803). Yunusxo’ja Farg’onani bosib olish maqsadida harbiy yurish qilgan. U Qo’qon aholisi va qo’shinining yordamiga ko’z tikkan edi. Olimxonning buyrug’iga ko’ra, Xo’jand hokimi Rajab qushbegi o’z qo’shini bilan Sirdaryoning o’ng sohiliga o’tgan va tunda Samg’ar va Qamishqo’rg’on orqali o’tib ertasi kuni G’urumsaroyga yetib kelgan. Bu yerga Yunusxo’ja qo’shini dovonni chetlab o’tib Chodak yo’li orqali kelgan, ayni vaqtda Sirdaryoning so’l qirg’og’ida G’urumsaroyning qarshisida Olimxonning ilg’or harbiy qismi paydo bo’lgan. Rajab qushbegi Qo’qonning oq yalovini ko’targan otliq tug’begi atrofiga 50 ta o’qchini joylashtirib, Yunusxo’ja otliqlarining yalovga qilgan hujumini qaytargan. Rajab qushbegi otliqlarining qarshi hujumi raqib qo’shini saflarini to’zitib yuborgan, natijada Yunusxo’ja mag’lubiyatga uchragan. Yunusxo’ja jang maydonini tashlab qochgan. Olimxon katta o’lja va ko’plab asirlarni qo’lga kiritgan.