Gvardiya
Gvardiya (italyancha guardia)-harbiy qo’shinning saralangan imtiyozli qismi. Gvardiya dastlab Italiyada XII asrda paydo bo’lib, davlat bayrog’ini qo’riqlovchi sara askariy qism (karochchio)ni anglatgan. Muntazam qo’shinlar (asosan, yollanma askarlardan tuzilgan) vujudga kelishi bilan, ichki (hukmdorni qo’riqlovchi) va tashqi (jangovar maqsadlarda) harbiy qismga bo’linib, boshqa qismlarga nisbatan qurol-yarog’i, kiyimi va ta’limi yaxshi bo’lgan. Keyinchalik Fransiya (XV asr boshi, Angliya, Shvetsiya, Rossiya, Prussiya (XVII asr) va boshqa mamlakatlarda paydo bo’lgan. Rossiyada Gvardiya (leyb- Gvardiya), XVII asr 90-yillarida Pyotr I tomonidan tuzilgan (1918 yil bekor qilingan). 2-jahon urushi yillari (1939-1945) sovet qurollari kuchlarining janglarda o’rnak ko’rsatgan qismlari, kemalari, qo’shilma va birlashmalariga Gvardiya unvoni berilgan. Gvardiya mazmunidagi askariy qism O’rta Osiyo xalqlarida ham qadimdan mavjud bo’lgan. Masalan, somoniylar davrida turk g’ulomlaridan iborat qism. Chingizxon va Amir Temur qo’shinida bahodirlar qismi.