Hadis
Hadis-Islom dini ta’limoti bo’yicha Qur’ondan keyin turadigan ikkinchi muqaddas manba bo’lib, Muhammad Payg’ambarning hayoti va faoliyati, shuningdek uning diniy va axloqiy ko’rsatmalarini o’z ichiga oladi. Muhammad Payg’ambar biror gap aytgan yoki biror ishni qilib ko’rsatgan bo’lsa, yohud boshqalarning o’zlariga qilayotgan biror ishini ko’rib, uni ma’n etmagan bo’lsa, shu holatning har biri sunnat hisoblanadi. Ana shu xatti-harakatlar yoki ko’rsatmalar haqidagi rivoyat hadis deb yuritiladi. Hadislarda islom dini ahkomlari, ya’ni farz, vojib, sunnat, mustahab, halol, harom, makruh, axloq-odobga doir ko’rsatmalar ham talqin etiladi. IX-X asrlarda dindorlar orasida obro’si deb tanilgan Hadisning oltita to’plami vujudga kelgan. Bulardan ayniqsa ikkitasi — “Sahihi Buxoriy” va “Sahihi Muslim” ko’proq e’zozlanadi. Hadislarni yigiruvchi, sharhlovchi, targ’ib etuvchi shaxslar muhaddis deb atalgan. Islom olamida taniqli muhaddislardan Ismoil al-Buxoriy, imom at-Termiziylar vatandoshimiz bo’lishgan.