Hamza
Hamza (1963 yilgacha Vannovskiy posyolkasi) — Farg’ona viloyati Oltiariq tumanidagi shahar. Qo’qon — Andijon temir yo’ldagi stantsiya (temir yo’l posyolka yonidan 1890 yilda o’tkazilgan). Viloyat markazi (Farg’ona shahri) gacha 36 kilometr, tuman Markazi (Oltiariq shaharchasi) gacha 7 kilometr. Aholisi 13 ming kishiga yaqin (2005). Shahar o’rtasidan katta Farg’ona kanali oqib o’tadi. Hamzada neftni qayta ishlash, mineral suvni qadoqlash zavodlari, neft tsisternalarini bug’lab yuvish stansiyasi, neft mahsulotlari ta’minoti va don mahsulotlari korxonalari, MTP, avtokorxona, qurilish tashkilotlari, savdo, madaniy va maishiy xizmat ko’rsatish shoxobchalari bor. 3 umumiy ta’lim maktabi, iqtidorli bolalar gimnaziyasi, kasb-hunar kolleji, kutubxona, madaniyat uyi, stadion mavjud. Shaharni Farg’ona hamda Marg’ilon shaharlari bilan birlashtiruvchi Respublika ahamiyatidagi avtomagistral kesib o’tadi va Qo’qon shahri bilan bog’laydi. Hamzadan Farg’ona, Marg’ilon, Qo’qon va boshqa shaharlarga avtobus va marshrutli taksilar qatnaydi.