Harorat inversiyasi

Harorat inversiyasi — atmosferaning biror qatlamida yuqoriga ko`tarilgan sari haroratning ortishi. Harorat inversiyasi havoning yer yuzasiga yaqin qismida va erkin atmosferada ro`y berishi mumkin. Yer yuzasi yaqinidagi harorat inversiyasi tuproqning va undan keyin yer ustidagi havoning qattiq sovub ketishidan bo`ladi. Soyliklarda sovuq havo turib qolib ham inversiya ro`y beradi. Erkin atmosferadagi inversiya troposferadan stratosferaga o`tishda, stratosferada ro`y beradi. Inversiyada havo harorati 10-15 daraja ortishi mumkin.