Havoni kondisirlash, havoni mo’tadillash
Havoni kondisirlash, havoni mo’tadillash — maxsus qurilmalar va vositalar yordamida xonalarda optimal temperature, namlik va sof havoni ta’minlash. Insonning sog’lig’i va kayfiyati, san’at asarlari va ashyolari yaxshi saqlanishini ta’minlash, texnologik jarayonlar, jihoz va asboblarning ishini boshqarishda eng qulay sharoit yaratib berish uchun qo’llanadi. Havoni kondisirlashda avtomatik boshqariladigan tizimlar mavjud. Har bir tizim quyidagilardan tashkil topadi: datchik (uzatkich) buyuruvchi asbob, ijrochi mexanizm, aloqa vositasi. Datchik atrof muhitdagi o’zgarishlarni qayd etadi va bu haqda buyuruvchi asbobga axborot uzatadi. Buyuruvchi asbob, o’z navbatida, ijrochi mexanizmga impuls beradi. Ijrochi mexanizm berilgan impulsga muvofiq tegishli manbalar (suv, havo va boshqalar) ni harakatga keltiradi. Havoni kondisirlash tizimlari ba’zan oqimli ventilyatsiya vazifasini ham bajaradi: issiq davrlarda havoni sovitadi va quritadi, sovuq davrlarda esa isitadi va namlaydi. Havoni kondisirlash, ko’pincha jamoat va ma’muriy binolarda, poezl, samolyot, avtomobil hamda kemalarda qulay sharoit yaratish: sanoat binolarida qulay ish sharoiti tashkil etish va mehnat unumdorligini oshirish; uy-joylarda, kran, traktor, kombayn, ekskavator va boshqa mashinalar kabinalarida mehnat sharoitini yengillashtirish; kutubxona, arxiv, muzey rasm galereyalarida — kitoblar, hujjatlar va san’at durdonalarini avaylab-asrash kabi maqsadlarda qo’llanadi. Havoni kondisirlash dastlab 19-asr oxirida to’qimachilik sanoatida texnologik maqsadlar uchun ishlatila boshlangan. 1897 yilda AQShda Havoni kondisirlashga patent olingan; 1906 yilda havo namligini rostlash usuli taklif etilgan. 1922 yilda birinchi marta kinoteatrlarda ishlatilgan. Havoni kondisirlash tizimlari uchun konditsioner va unga tegishli jihozlar 20-asr o’rtalaridan zavodlarda ishlab chiqarila boshlagan. Havoni kondisirlashning Markaziy va mahalliy tizimlari bor. Markaziy tizimda bir necha binoni, mahalliysi bitta bino yoki uning bir qismini havo bilan ta’minlaydi. Markaziy tizimlar tashqaridan keltiriladigan issiqlik eltuvchi (issiq suv, bug’, gaz yoki elektr orqali) va haydash nasoslari, ventilyatorlar, kompressorlarning dvigatellarini harakatlashtirish uchun elektr energiyasi bilan ta’minlanadi. Mahalliy tizimlarga xususiy sovuq bilan ta’minlash manbalari qurilishi mumkin. Quruq va issiq iqlimli hududlarda suvning buglanishi hisobiga havo sovutkichlari ishlatiladi. Ventilyatorlar hosil qiladigan havo oqimi bosimiga ko’ra, past (1 kn/m-), o’rtacha (1-3 kn/m2) va yuqori (3 kn/m2 dan yuqori) bosimli tizimlar bo’ladi. Markaziy va mahalliy tizimlar bir va ikki kanalli bo’ladi. Bir kanalli, past bosimli tizimga havo tayyorlash qurilmasi — konditsioner, kondisiyalangan havoni haydash hamda ishlangan havoni chiqarib yuborish kanali va qurilmasi, avtomatik rostlash, uzoqdan turib nazorat qilish hamda boshqarish asboblari kiradi. Ko’p qavatli ma’muriy binolar va mehmonxonalarda o’rtacha bosimli, bir kanalli tizim keng tarqalgan. Ikki kanalli tizimda bir kanaldan sovuq, ikkinchisidan issiq havo kelib, har qaysi xonaga o’rnatilgan aralashtirgich ularni aralashtirib beradi. Temir yo’l vagonlari, avtobus, avtomobil, samolyotlarga bir kanalli tizim, kemalarga bir va ikki kanalli tizimlar o’rnatiladi. Havoni kondisirlash qurilmalari binolar qurilishi va rekonstruktsiyasi harajatlarini oshiradi, lekin sanoat binolarida bu harajatlar mehnat unumdorligining ortishi, mahsulot sifatining yaxshilanishi va boshqalar hisobiga tezda qoplanadi. Ko’pgina sanoat korxonalari (masalan, to’qimachilik, tamaki, aniq asboblar, farmatsevtika va boshqalar) da Havoni kondisirlash tizimisiz ishlash mumkin emas. Havoni kondisirlash borgan sari taraqqiy etadi. Havo parametrlarini muntazam ushlab turishni talab qiladigan ishlab chiqarishning yangi sohalarining rivojlanib borishi; sanoat korxonalarini, ilmiy tadqiqot va konstruktorlik tashkilotlarini to’g’ri va to’xtovsiz ishlashi uchun ma’lum temperatura va namlik talab qiladigan aniq asboblar, mexanizmlar va kompyuterlar bilan jihozlanishi; ko’plab odamlar uzoq vaqt turishi (o’tirishi) mumkin bo’lgan kata jamoat binolari hajmining ortib borishi va ulardan yil davomida samarali foydalanish zaruriyati; binolarda katta yuzaga ega bo’lgan oynaband sirtlarning qo’llanishi; ba’zi sanoat binolarida deraza va fonarlarning yo’qligi Havoni kondisirlash tizimining yanada kengayishiga olib keladi.