Haykal
Haykal (Arabcha — katta, ulug’ shakl) — 1) tasviriy san’at asari; haykaltaroshlikning tosh, yog’och, suyakni yo’nib, o’yib, metall (asosan, bronza, zanglamaydigan po’lat), beton, gipsni qolipga quyib, qotirib, sopol, chinni haykalchalar tayyorlashda loyga shakl berib, keyin qizdirib ishlanadi. Monumental (ochiq havoda), dastgohli (bino ichida), bezak (me’morlik, bog’-parkda), juda kichik hajmda ishlanadigan (uy ichida bezak vazifasini o’tovchi) xillari bor; 2) zargarlik buyumi; qoraqalpoq ayollarining murakkab ko’krak taqinchog’i. Haykel deb ham ataladi. Zebigardonning eng qadimgi va aniq nomi. Haykal asosiy turunj va bo’yinga osiladigan zanjirli qismlardan iborat: yuzasi bosma naqshlar bilan bezatilgan turunj qismi hajmdor bo’lib, yirik marjonli ko’zlar qadalgan yapaloq naycha va uning ustki va ostki tomoniga kungurador («ona — ma’buda» tasvirini ifodalovchi) shakllar ishlangan qismlardan iborat; quyi qismi yaproqcha, dumaloq qubbachalar, zig’iraklar osilgan zanjirli shokilalar bilan hoshiyalanadi. Qadimdan hosildorlik homiysi (tumor) sifatida qadrlangan. Haykalni raqqosalar milliy kiyimning tarkibiy qismi sifatida taqadilar.