«Hidoya»

«Hidoya» (Arabcha — yo’llanma; to’la nomi «Hidoya Fi furu’al-fiqh» — «Fiqh sohalari bo’yicha yo’llanma») — hanafiylikda keng tarqalgan shariat qo’llanmasi (kodeksi). Uni Burhoniddin Marg’inoniy 13 yil davomida yozgan. Qo’llanmani yaratishda Qur’on oyatlariga, dastlabki 4 xalifa, sahobalar va tobe’inlarning rivoyatlari, hadislar, sunniylikdagi 4 mazhab asoschilarining asarlariga tayangan. «Hidoya» 4 jild, 57 kitob, 165 bob, 152 fasldan tarkib topgan. «Hidoya»ning 1-jildi 5 kitobdan iborat bo’lib Tahorat va amaliy ibodatlar (namoz, ro’za, zakot va haj)ga bag’ishlangan. 2-jildga nikoh, taloq, qulni ozod qilish, topib olingan bolalarning nasabini aniqlash, bedarak yo’qolganlar, sherikchilik, vaqf huquqi kabi masalalar kiritilgan. 3-jildda oldi-sotdi, pul muammolari, kafolat, qozilarning vazifalari, guvohlik, vakolat, da’vo, sulh, qarz berish, sovg’a, ijara, voliylik (patronat), homiylik kabi masalalar o’rin olgan. 4-jildda merosni taqsimlash, vasiyat, shartnoma, ovchilik, garovga berish, jinoyatlar xususida, xun haqi to’lash kabi masalalar yoritilgan. Burhoniddin Marg’inoniyning «Hidoya» asari yozilish uslubi bo’yicha ajralib turadi. Unda huquqiy muammolarning yechimi dastavval mashhur faqihlarning fikr-xulosalarini bayon qilish va unga boshqa fiqh olimlarining e’tirozlari va qo’shilishlarini izhor qilish yo’li bilan berilgan. Xuddi shunday umume’tirof etgan obro’li faqihlar nuqtai nazaridan kelib chiqqan holda muayyan huquqiy muammoning eng ma’qul yechimini tanlab olish mumkin bo’lgan. Shu yo’l bilan «Hidoya»da shariat qoidalarining aynan o’zigina emas, balki ularning mukammal asos va dalillari ham asl ravishda berilgan. «Hidoya» bir necha asr davomida ko’p musulmon mamlakatlarida huquqshunoslik bo’yicha asosiy manba hisoblangan. «Hidoya» sudlov bo’yicha qo’llanma sifatida O’zbekistonda 20-asrning 20-yillarigacha — qozilar sudi bekor qilinib, sho’rolar sud tizimi joriy qilinguncha amalda bo’ldi. U ba’zi musulmon mamlakatlari oliy o’quv yurtlarida o’qitiladi. «Hidoya» bir necha tilga tarjima qilingan. «Hidoya»ning 1-jildi o’zbek tilida Toshkentda 2001 yilda chop etildi.