Hilol, kechki Hilol

Hilol, kechki Hilol — hiloldoshlarga mansub ko’p yillik o’t turi. Poyasi yakka, o’tkir, uch qirrali. Bo’yi 30-100 santimetr. Barglari yassi, to’pguli soyabonsimon, o’zaro teng bo’lmagan nurlardan tashkil topgan, ko’pgulli, to’pgulining ostida keng guloldi barglari bor. Iyun — iyulda gullab, avgustda urug’laydi. Cho’l va adirlardagi nam va botqoq yerlar, daryo vodiylari, ariq bo’ylari, sholipoyalar va sug’oriladigan ekinlar orasida o’sadi.