Hofizi Abru
Hofizi Abru, Shahobuddin Abdulloh ibn Lutfilloh ibn Abdurrashid al-Havofiy (1361/62, Hirot — 1430, Zanjon) — tarixchi va geograf. Amir Temur va Shohrux saroylarida tarixnavis bo’lgan. Tarixiy va tarixiy-geografik asarlar («zayli Zafarnomai Shomiy», «zayli Jomi’ut-tavorix», «Tarixi Hofizi Abru», «majmua attavorixi Sultoniya», «Zubdat ut-Tavorixi Boysunquriy») muallifi. «Zayli Zafarnomai Shomiy» asari Nizomiddin Shomiyning «Zafarnoma»siga ilova bo’lib, asardagi tarixiy voqealar bayonini 1405 yilgacha davom ettirgan. «Zayli Jomi’ut-tavorix» Rashiduddin Fazlullodning «Jomi’ut-tavorix» asarining davomi bo’lib, unda Eronning 1304— 70 yillardagi tarixi aks ettirilgan (1417). «Tarixi Hofizi Abru» nomi bilan mashhur tarixiy-geografik asarida dunyoning doira shaklidagi xaritasi va boshqa xaritalar berilgan. Bu xaritaning muhim tomonlaridan biri — gradus to’ri chizilganidir, uni geograflar Hofizi Abruning shoh asari deb hisoblaydilar. Bu asarda yer yuzidagi suvlar, tog’-toshlar, mamlakatlar va ulardagi shahar-qishloqlar, shuningdek, Fors, Kermon, Xurosonning batafsil geografiyasi va tarixi, Movarounnahr geofrafiyasi bayon etilgan. Xususan, Samarqand, Buxoro, Kesh, Naxshab, Termiz kabi shaharlar hamda Jayxun, Sayxun, Murg’ob va boshqa daryolar, mamlakatlar, viloyatlarning kenglik va uzunliklari ko’rsatib o’tilgan va masofalar hamda maydonlarni izohlovchi (farsang, oylik yo’l, kunlik yo’l) ancha- gina satrlar bor. 1423-27 yillarda yozilgan «majmua»(«to’plam») asari Shohrux saltanati tarixini 1417 yilgi voqealar bilan tugatadi. Uning 4-jildi «Zubdat ut-Tavorixi Boysunquriy»da tarixiy voqealar 1417 yilga qadar yetkazilgan. Hofizi Abruning asarlarida ijtimoiy-iqtisodiy ma’lumotlar, bizgacha yetib kelmagan asarlardan parchalar va muallifning o’z davriga oid xabarlari keng o’rin olgan. Hofizi Abru asarlarining qo’lyozmalari Sankt-Peterburg, Oksford va Toshkentda saqlanadi. Ad.: Bartold V.V., Sochineniya, t.8, M., 1973; Hasanov H., Sayyoholimlar, T.,1981.