Hoji tam-tam
Hoji tam-tam (aslida Homidov Hoji Qurbon, 1888 — Samarqand — 1964.24.1) — xalq qiziqchisi, eski maktabda savod chiqargan. Yoshligidan xalq sayillarida hofizlar, mashshoqlar, nazm ahli orasida bo’lib, ashula yo’llarini, muqallid qilishni o’rganadi. Mashhur xonanda Hojiabdulaziz Abdurasulov bilan hamkorlik qilgan. Hoji tam-tam askiya turi — shirinkorlikning, shuningdek, doira chalish, cho’p va qayroq bilan ijro etiladigan o’yinlarning ustasi bo’lgan. Odatda u qo’shiq aytganda, o’ziga o’zi soz bilan emas, balki «tam-tam» deb rubobning jarangiga qilinadigan taqtidiy ohangi bilan jo’r bo’lgan. Shu bois xalq uni Hoji tam-tam deb ketgan. 1937 yil Moskvada o’tgan o’zbek san’ati dekadasida, Kattaqo’rgon suv ombori va katta Farg’ona kanali qurilishlarida qatnashgan. Samarqanddagi yosh tomoshabinlar teatri (1942-43), musiqali drama va komediya teatrida (1943-47) ishlagan. Uning repertuarida o’zbek, tojik, ozarbayjon, uyg’ur, rus xalq qo’shiqlari, lapar va latifalari, muqallidlari katta o’rin tutgan. Hoji tam-tam aytgan «Karima ko’ylak kiyadi», «kolxozga kirdim», «Yalli-Yalli», «Bor-bora bormayman», «omon-omon», «Biyo yak», «Meravam», «uka, chilim chekmang», «Exal iz yarmarki uxar» kabi qo’shiqlar ommalashgan. Shuningdek, u Hojiabdulaziz, Levi Boboxonov, Domla Halim Ibodov va boshqalarga taqlid-parodiya ham qilgan. Doni Zokirov, Nabijon Hasanov, Sharif Akromov kabi bastakorlar undan qo’shiqlar o’rganishgan.