HUKM
HUKM — sud tomonidan sudlanuvchiga nisbatan aybi bor yoki yo’qligini va qanday chora ko’rish bo’yicha jinoiy ishlarni ko’rib chiqib, hal qilishda chiqariladigan qaror. Uning ikki turi farqlanadi: ayblov va oqlov hukmlari. Sudlanuvchiga nisbatan qanday turda hukm chiqarish masalasini hal qilish vaqtida sud O’zbekiston Respublikasi JPKning 23-moddasida nazarda tutilgan aybsizlik prezumpsiyasi prinsipi talablariga amal qilishi shart. Qonun bilan kuchga kiradigan ayblov hukmi shaxsni aybli deb topish va unga nisbatan u yoki bu turdagi jazo chorasini qo’llash imkonini beruvchi yagona rasmiy hujjat bo’lib, u hech qachon taxminlarga asoslanmagan bo’lishi kerak hamda faqat sudlanuvchining jinoyat sodir etishda aybli ekanligi sud muhokamasi davomida isbot qilingan taqdirdagina chiqariladi. Ayblov hukmi jinoyat sodir etilishining ish bo’yicha barcha mumkin bo’lgan holatlarini tekshirish, ish materiallarida ma‘lum bo’lib qolgan barcha kam — ko’stni to’ldirish, yuzaga kelgan hamma shubha va qarama – qarshiliklarga barham berish natijasida yig’ilgan ishonchli dalillargagina asos qilib olinishi lozim.