IBN HAVQAL
IBN HAVQAL, Abulqosim ibn Havqal an-nisibiy (? — Bag’dod, 976) — Arab sayyohi va geografi. 931-943 yillarda Mag’rib va Mashriq mamlakatlari, Sitsiliya oroli, Italiya, Ispaniya, Mesopotamiya (ikki daryo oralig’i), Eron bo’ylab sayohat qilgan; Kordovada ma’lum vaqt yashagan. 952 yilda Istaxriyning «kitob masolik al-mamolik» («mamlakatlar yo’llari haqida kitob») asaridagi va xaritalaridagi chalkashliklarni uning roziligi bilan tuzatib, keyinchalik shu asosda «kitob ul-masolik va-l-mamolik» («Yo’llar va mamlakatlar haqida kitob») deb atalgan mukammal asar yaratgan. Mazkur kitobni yozishda Ibn Hurdodbeh, Jayhoniy, Qudama ibn Ja’far asarlaridan ham foydalangan. Ibn Havqalning AfRika va Yevropadagi mamlakatlarga oid xabarlari, xususan, etnik ma’lumotlari o’sha davr ilm-fani uchun muhim yangilik bo’ldi.