Ichkari

Ichkari-musulmon mamlakatlarida ayollarni nomahram erkaklarga ko’rsatmaslik maqsadida to’silgan hovlining ichki qismi, ichki hovli. Ichkarida, asosan, ayollar va bolalar yashagan. O’rta Osiyo xalqlari me’morchiligida uy-joy tuzilishining ajralmas qismi. Tashqi hovlining uzviy davomi. Ichkari o’rta asrlarda shariat qoidalariga ko’ra ayollar va balog’atga yetgan qizlar istiqomat qiladigan joy hisoblangan. Unda yotoqxona, oshxona, omborxona va boshqalar joylashgan. Tashqari hovlida erkaklar yashagan. Ichkari va tashqari hovli o’rtasida eshik bo’lib, bundan begona erkaklarning kirishi qat’iyan taqiqlangan. Xonadonning Ichkari va tashqariga bo’linishi xon saroylaridagi haramdan tortib kambag’al kishilarning hovlilarigacha xos edi. Kosib, dehqon, hunarmandlar, juda bo’lmaganda, o’z kasbi-kori uchun ajratilgan binoning hovli tomonini biror narsa bilan to’sib Ichkariga ajratardi.