Ijtimoiy struktura

Ijtimoiy struktura — ijtimoiy tuzum tarkibiy qismlari o’rtasidagi barqaror va tartiblashgan aloqalar tarmog’i. Ijtimoiy guruhlar munosabatlari, mehnat taqsimoti, ijtimoiy tartibotlar (davlat va boshqalar) xususiyati bilan belgilanadi. Aholining Ijtimoiy strukturasi, shuningdek, uning kasbhunar, milliy, jins, yosh, madaniy va boshqa belgilari bo’yicha bo’linishini ham o’z ichiga oladi. Ijtimoiy struktura ijtimoiy hayot xususiyatini o’zida ifoda etib, jamiyatni tashkil etuvchi elementlar o’rtasidagi munosabatlarni aks ettiradi. 19-asrda yashagan ijtimoiy fanlar tadqiqotchilari (ingliz olimi Radkliff-Braun va boshqalar) jamiyatni muayyan qonuniyatlar asosida ishlovchi mashina yoxud jonli organizmga taqqoslab o’rganganlar. Ijtimoiy struktura nimalardan iborat, degan masalada turli ilmiy qarashlar mavjud. Ba’zilar bu tushunchani odamlar guruhlarining o’zaro umumiy munosabatlari majmui bilan bog’lasa, boshqalar jamiyatdagi turli ijtimoiy tartibotlarni nazarda tutganlar. Ayrim sotsiologlar Ijtimoiy strukturaga muayyan ijtimoiy voqelikdagi o’zgarishlarni tavsiflash imkoniyati sifatida qaraydilar. Ijtimoiy struktura real ifodalanuvchi voqelik tarzida emas, u mavhum formula shaklida namoyon bo’ladi. Shuning uchun Ijtimoiy strukturani muayyan shakllarga solib o’rganishga urinish noto’g’ridir. Ijtimoiy struktura mazmuni o’zgarayotgan zamon va makon mohiyatiga muvofiq ravishda moslashib, mutanosiblashib boradi. Mansur Bekmurodov.