Indoneziya
Indoneziya (Indonesia), Indoneziya Respublikasi (Republik Indonesia) — Janubiy Sharqiy Osiyodagi davlat. Dunyodagi eng katta Malay arxipelagining 17,5 ming oroli va yangi Gvineya (G’arbiy Irian) orolining g’arbiy qismida joylashgan. Maydoni 1904,6 ming km2. Aholisi 228,4 million kishi (2001). Poytaxti — Jakarta shahri. Ma’muriy jihatdan 26 viloyat (province) ga bo’linadi. Davlat tuzumi. Indoneziya — unitar Respublika. Amaldagi Konstitutsiyasi 1945 yil 18 avgustda qabul qilingan. Davlat va hukumat boshlig’i — 5 yil muddatga saylanadigan prezident (2001 yil iyuldan Megavati Sukarnoputri xonim). Davlat hokimiyatining oliy organi — Xalq maslahat Kongressi. U konstitutsiyani tasdiqlaydi, unga o’zgarishlar kiritadi, prezident va vitse-prezidentni saylaydi. Qonun chiqaruvchi hokimiyat bir palatali parlament — xalq vakillari kengashidan iborat. U joriy qonun chiqaruvchilik faoliyati bilan shug’ullanadi. Uning 500 deputatidan 462 nafari umumiy ovoz berish yo’li bilan 5 yil muddatga saylanadi va qolgan 38 nafari (harbiylar fraktsiyasi) prezident tomonidan tayinlanadi. Ijroiya hokimiyatni prezident o’zi tayinlagan hukumat bilan birga amal oshiradi. Tabiati. Indoneziya ekvatorial kengliklarda joylashgan. Qirg’oqlari kam parchalangan, botqoqliklar, mangra chakalakzorlari bor. Indoneziya yer yuzasining yarmidan ko’prog’i o’rtacha baland va pastqam tog’lardan, Yangi Gvineyada qisman baland tog’lardan (eng baland joyi 5029 metr), qolgan qismi allyuvial tekisliklardan iborat. Orollarda 400 dan ortiq vulkan bor, shundan 100 tasi harakatdagi vulkan. Tektonik harakatlar tinmagan. Tez-tez kuchli zilzila bo’lib turadi. Neft, ko’mir, temir, marganes, qalay rudalari, boksit, mis, qo’rg’oshin, rux, alyuminiy, nikel va fosfat konlari bor. Iqlimi Indoneziyaning katta qismida ekvatorial, Yava orolining sharqi va kichik Zond orollarida subekvatorial iqlim. Pasttekisliklarda oylik o’rtacha temperatura 25-27°. Tog’larda salqinroq, 1500 metrdan balandda yer yuzasi ba’zan muzlaydi. Ekvatorial iqlimli joylarda yillik yog’in 2000-4000 mm, subekvatorial iqlimli joylarda 2000 mm ga yaqin. Daryolari Janubi-g’arbidan boshqa qismida yil davomida sersuv. Eng yiriklari: Kapuas, Barito, Xari, Kampar, Musi, Mamberamo, Digul. Tuproqlari mamlakat hududining 4/5 qismi (asosan, kata Zond orollari va G’arbiy Irian) da sernam o’rmonlarga xos qizil-sariq laterit va tog’laterit tuproqlar; tekisliklarda tropik botqoqli va lateritli gley tuproqlar. Sohilidagi mangra chakalakzorlarining tuprog’i botqoqli. Janubi sharqidagi tropik o’rmonlarda qizil laterit, quruq savannalarda qizil-qo’ng’ir tuproqlar tarqalgan. Pasttekislikda va 1300-1500 metr balandlikdagi tog’yon bag’irlarida doim yashil sernam ekvatorial o’rmonlar (fikus, pandaus va non daraxtlari, palma, paporotniklar, bambuk) o’sadi. 1300-1500 metr va 2600— 3000 metr balandlikdagi mintaqa tor-tropik o’rmonlar (eman, qora qayin, kashtan, qarag’ay), undan yuqorisi butazor va o’tloqlar bilan qoplangan. Janubi sharqda, asosan, barg to’quvchi tropik o’rmonlar (tik daraxti, Kazuarin) va savannalar (alang-alang o’ti va yovvoyi shaqarqamish) bor. Indoneziyada maymunlar (orangutan, gibbon, makakalar), karkidonlar, fil, malay ayig’i, tapir, banteng buqasi, kaklik, to’tilar, Timsoxlar (uzunligi 7 metrgacha), kobra va bo’g’ma ilonlar, echkemar va boshqalar bor. Indoneziyaning Sharqiy qismida xaltali qayvonlar, ko’rshapalak, jannat qushi, kakadu to’tisi uchraydi. Hasharotlar Indoneziyaning hamma qismida mavjud, baliq ko’p. Noyob hayvonlarni saqlash maqsadida Sumatra, Kalimantan, Yava va boshqa orollarda qo’riqxonalar tashkil etilgan. Milliy bog’lari: Gunung-Lyoser, Komodo-padar-Rinko, Ujung-Kulon va boshqalar. Bir necha dengiz bog’lari va qo’riqxonalar bor. Aholisi. Indoneziyada 150 ga yaqin elat va etnik guruh yashaydi. Mamlakat aholisining 96% tili, madaniyati va urf-odatiga ko’ra malayyapolineziya til oilasining indonez guruhiga mansub. Bulardan eng yiriklari: yavaliklar, sundlar, maduralar, malayyalar, jakartaliklar, achelar, bataklar, dayaklar va boshqalar. Bulardan tashqari, Indoneziyada melanezlar, papuaslar, xitoylar, arablar, Gollandlar, hindlar va boshqalar yashaydi. Davlat tili — indonez tili. Asosiy din — Islom dini. Aholining 80% musulmonlar, 10% xristianlar, qolgan qismi Hinduilik, buddaviylik, konfutsiylik va mahalliy an’anaviy dinlarga e’tiqod qiladi. Indoneziya aholisining 2/3 qismi mamlakat hududining 7% ini tashkil etgan Yava orolida. Aholining 70% qishloqlarda yashaydi. Yirik gtsaharlari: jakarta, surabayya, Bandung, Semarang, Medan. Tarixi. Indoneziya — hozirgi tipdagi inson (pitekantrop, Yavantrop) shakllangan markazlardan biri. Miloddan avvalgi 2-asrga oid yodgorliklar saqlangan. Yava, Malayya orollarida Taruma va Kalinga, Sumatrada Malayyu va Shrivijayya davlatlari tashkil topgan. Ularda hinduilik va buddaviylik tarqala boshladi. Milodiy 7-asrda bir necha mayda davlatlar birlashib, Shrivijayya imperiyasiga aylandi. 8-asr 1-yarmidaYavada Mataram davlati paydo bo’ldi. 1025 yil Shrivijayya inqirozga uchradi. 11-asrning 40-yillarida Mataram Kediri (13-asrdan Singasari) va jangala davlatlariga bo’linib ketdi. 1120 yil Kediri ilgari Mataramga qarashli barcha yerlarni birlashtirdi, boshqa orollar ustidan nazorat o’rnatdi. 13-asr oxirida Singasari yemirilib, uning o’rnida Majapaxit imperiyasi tashkil topdi (1293— taxminan 1520). Majapaxit imperiyasi o’rta asrlarda eng yirik umumindonez davlati bo’lgan. 14-asrda Hindiston va Malakkadan Indoneziyaga Islom dini kirib keldi. Arxipelagning ko’p qismini egallagan Majapaxit imperiyasi musulmon sultonliklariga bo’linib ketgach (16-asr), Indoneziya hududiga yevropaliklar (portugallar, gollandlar) kirib kela boshladi. 1602 yil gollandlar Indoneziyada Ost-Indiya kompan-piyasiga asos soldi. Bu kompaniya mamlakatning talay qismini o’ziga tobe qilib oldi. 1811 yil Indoneziyani inglizlar bosib oldi. Biroq 1814 yilgi Angliya-Niderlandiya bitimiga ko’ra, Indoneziya yana Niderlandiya qo’liga o’tdi. Indoneziya xalqi ajnabiy istilochilarga qarshi kurash olib bordi. Diponegoro boshchiligida Yavada (1825-30), Imom Bajon yetakchiligida Sumatrada (1830— 39), Acheda (1873-1903) ko’tarilgan qo’zg’olonlar tarixda mashhur. 20-asr boshida milliy ozodlik harakati bir muncha kengaydi. 1908 yil Yavada «Budi Utomo» («Oliy maqsad») nomli birinchi milliy tashkilot paydo bo’ldi. Golland mustamlakachilariga qarshi 1923 yil temiryo’lchilarning umumiy ish tashlashi bo’lib o’tdi. 1926 yil indonez xalqi mustamlakachilikka qarshi qo’zg’olon ko’tardi, ammo u bostirildi. 1927 yil Axmad Sukarno rahbarligida Milliy partiya tuzildi. Indoneziya mustaqilligini talab qilib, xalq orasida obro’ qozongan bu parti-yaning faoliyati taqiqlandi, Sukarno va uning tarafdorlari qamoqqa olindi (1929). 1931 yildan Milliy partiya Indoneziya partiyasi deb nomlandi. 1937 yil milliy inqilob tarafdorlari Indonez xalqi harakati (Gerindo) tashkilotini tuzdilar. 1942-45 yillarda Indoneziyani Yaponiya bosib oldi. Yaponiya 2-jahon urushida mag’lubiyatga uchragach, mamlakat mustaqil Indoneziya respublikasi deb e’lon qilindi (1945 yil 17 avgust). A. Sukarno uning prezidenti qilib saylandi. Respublika Konstitutsiyasi qabul qilindi. Biroq 1945 yil 6 sentabrda Indoneziyaga ingliz, keyinroq golland qo’shinlari bostirib kirdi. Indoneziya xalqi bosqinchilarga qarshi 4 yil kurash olib bordi. Nihoyat, Gollandiya Indoneziya mustaqilligini tan olishga majbur bo’ldi (1949 yil noyabr). Biroq u Indoneziya mustaqilligiga putur yetkazadigan bitim tuzishga erishdi. Indoneziya 16 hududga bo’lib tashlandi; mamlakat «Indoneziya Qo’shma Shtatlari» nomi bilan yuritila boshladi, Gollandiya Indoneziyaning bir qismi (G’arbiy irian) ni o’z qo’l ostida saqlab qoldi. Indoneziya xalqi o’z mamlakatini to’la ozod qilish uchun kurashni davom ettirdi. 1950 yil 6 avgustda Indoneziya unitar (qo’shma) davlat deb e’lon qilindi. Hukumat Indoneziya uchun asoratli bo’lgan bitimlarni tan olmaslik haqida qaror qabul qiddi (1956 yil aprel). 1957 yilning oxirida Indoneziya hukumati mamlakatdagi ajnabiylarga qarashli barcha korxona, plantasiya va banklarni o’z nazoratiga oldi. 1957 yil Sukarno davlatning siyosiy va iqtisodiy apparatini qayta tuzdi. Prezident dekreti bilan 1945 yilgi Konstitutsiya yana kuchga kirdi (1959 yil iyul). Biroq Indoneziya hukumati va milliy vatanparvarlarga qarshi qo’poruvchilik harakati to’xtamadi. 1956 yil Sumatra va Sulavesida ayirmachilar qurolli isyon boshladi. Hukumat qo’shinlari xalq ommasining yordami bilan isyonchilarni tor-mor qildi (1961). G’arbiy Irianni Indoneziya tarkibiga qo’shib olishni tinch yo’l bilan hal etolmagach, Indoneziya vatanparvarlari golland bosqinchilariga qarshi qurolli kurash boshladi (1962). 1963 yil 1 mayda G’arbiy Irian Indoneziya Respublikasi tarkibiga qo’shib olindi. Prezident Sukarno mamlakat mustaqilligini mustahkamlash, iqtisodiyotni yuksaltirish, dunyodagi barcha mamlakatlar bilan do’stlik va hamkorlik yo’lini tutdi. Ammo ichki siyosiy beqarorlik (harbiylar, ayirmachilar va Islom aqidaparastlarining isyonlari), so’l va o’ng kuchlarning o’zaro kurashi tobora kuchayishi «1965 yil 30 sentyabr» voqealariga olib keldi. Armiya raxbariyatining raqiblari orasidagi ashaddiy murosasiz arboblar kompartiya rahbarlarining madadi bilan davlat to’ntarishi qilishga urindilar. Ularning xatti-harakatlari tor-mor etilgach, Sukarno hokimiyatdan chetlash- tirildi va «yangi tartib» o’rnatishga kirishildi. 1966 yilda general Suxarto muvaqqat (1968 yildan rasmiy) Prezident bo’lib qoldi. Harbiylar boshchiligidagi hokimiyat ichki muxolifatni keskin cheklab, bozor xo’jaligiga o’tish orqali iqtisodiy o’sishni ta’minlash vazifasini qo’ydi. Indoneziya faol tashqi siyosat o’tkazib, milliy taraqqiyot uchun qulay sharoit ta’minlash yo’lidan bordi. Yalpi mahsulot ishlab chiqarishni ko’paytirish sur’atlari oshdi, aholi jon boshiga to’g’ri keladigan daromad ko’paydi. Suxarto 6-muddatga prezident etib saylandi, biroq 1998 yil boshlarida mamlakat moliyaviy inqirozga duchor bo’ldi. Xalq ommasi, ayniqsa, talaba yoshlar bu kulfatda prezidentni ayblab, ko’chalarda norozilik namoyishlari o’tkazishdi. Shunday bir vaziyatda Xalq maslahat Kongressi Suxartoni 7-muddatga yana Prezident etib sayladi. Bu voqea xalqning g’azabini yanada oshirdi va tinch namoyishlar g’alayon tusini ola boshladi. Prezidenta ing iste’fo berishi haqidagi talablar kuchaydi. Nihoyat, Suxarto iste’foga chiqishga majbur bo’ldi va konstitutsiyaga binoan 1998 yil 21 may kuni vitse-prezident Burhoniddin Yusuf Habibiy prezident lavozimini egalladi. Ammo uning bu lavozimdagi faoliyati uzoqqa bormadi. Oliy tabaqa arboblarining suiiste’mollaridan norozi bo’lgan xalq ommasining talabi bilan B. Yu. Xabibiy iste’foga chiqarildi. 1999 yil oktabrdan Vohid Abdurahmon, 2001 yil iyuldan A. Sukarnoning qizi Megavati Sukarnoputri prezident lavozimiga saylandi. Indoneziya — 1950 yildan BMT a’zosi. Milliy bayrami — 17 avgust — Mustaqillik e’lon qilingan kun (1945). O’zbekiston Respublikasi bilan diplomatiya munosabatlarini 1992 yil 23 mayda o’rnatdi. Siyosiy partiyalari, kasaba uyushmalari. Birlik va taraqqiyot partiyasi, 1973 yilda musulmonlarning 4 partiyasi birlashishi natijasida tuzilgan; Indoneziya demokratik partiyasi, 1973 yilda 5 partiyaning qo’shilishi natijasida tuzilgan; Golkar (funktsional guruqlar), 1964 yil siyosiy partiyalarga kirmaydigan davlat xizmatchilari, kasaba uyushma, yoshlar, xotin-qizlar, diniy tashkilotlar vakillari Ittifoqi sifatida tuzilgan, 1998 yilda partiyaga aylantirilgan; Indoneziya demokratik partiyasi (kurashchi), 1998 yilda tuzilgan; Milliy mandat partiyasi, 1998 yilda tashkil etilgan; Milliy uyg’onish partiyasi, 1998 yilda tuzilgan. Umumindoneziya mehnatkashlar Ittifoqi kasaba birlashmasiga 1973 yilda asos solingan; Umumindoneziya ishchilar ittifoqi («Ravnaq») kasaba birlashmasi 1992 yilda tuzilgan. Xo’jaligi. Indoneziya — agrar-industrial mamlakat. Yalpi ichki mahsulotda qishloq xo’jaligining ulushi o’rtacha 17% ni tashkil etadi va bu ulush tobora kamayib bormoqda. Ayni vaqtda qishloq xo’jalik mahsulotlari hajmi ko’paymoqda. Bu hol dehqonchilik va chorvachilik intensiv tus olayotgani bilan ham, ekinzorlar kengayishi, jumladan, kam yerli dehqonlar yangi o’zlashtirilgan yerlarga ko’chib borishi bilan ham bog’liqdir. Qishloq xo’jaligi — Indoneziya iqtisodiyotining yetakchi tarmog’i. Mehnatga yarokli aholining yarmidan ko’prog’i qishloq xo’jaligida mashg’ul. Indoneziya tabiiy kauchuk (yiliga 1 million tonnadan ortiq) va palma yog’i (yiliga 2 million tonna moyli palma mahsulotlari) ishlab chiqarish bo’yicha dunyoda 1-o’rinda turadi, tropik daraxt yog’ochidan yasalgan buyumlar, tamaki, kofe (yiliga 400 ming tonna), choy (250 ming tonna), ziravordorivorlar, shuningdek, baliq (yiliga 3 million tonna ovlanadi) va dengiz mahsulotlari yetkazib beruvchi eng katta davlatdir. Asosiy donli ekin — sholi, makkajo’xori. Ayrim ekinlardan 2 marta hosil olinadi. Chorvachiligida qoramol (jumladan, buyvol), cho’chqa, echki, qo’y, yilqi, parranda boqiladi. Indoneziya hududining 65% o’rmon bilan qoplangan bo’lib, qimmatbaho yog’och tayyorlanadi. Sanoati. Yalpi ichki mahsulotda sanoatning ulushi o’rtacha 20% ni tashkil etadi. Konchilik sanoati byudjet tushmalarining anchagina qismini ta’minlaydi. Yiliga o’rtacha 576 million barrel neft qazib olinadi. Neft konlari, asosan, Sumatra orolida, shuningdek, Yava dengizi va Makasar bo’g’ozida. Indoneziya suyultirilgan tabiiy gazni chetga chiqarishda dunyoda l-o’rinda (yiliga 90 milliard m3 dan ko’proq gaz qazib olinadi), qalay qazib olishda 2-o’rinda (30 ming tonnadan ziyod), nikel qazib olishda 4 — o’rinda (2 million tonnadan ko’p) turadi. Kumir, mis, uran rudasining katta zaxiralari mavjud. Oltin, kumush, olmos xam qazib olinadi. Mahsulot ishlab chiqarish sanoatining asosini iste’mol mollari: gazlama, tayyor kiyim-kechak, poyabzal, charm buyumlar, ro’zg’orbop kimyoviy mahsulotlar, oziq- ovqat tashkil etadi. Sholi okdash, tamaki, qand-shakar, choy, yog’, ip gazlama, trikotaj, jut, qurilish materiallari, farmatsevtika va poligrafiya, konditer korxonalari, mineral o’g’it va shina zavodlari bor. Hunarmandchilik rivoj topgan. Ilm-fan yutuqlari va yuksak texnologiyaga asoslangan tarmoqlar: kemasozlik, samolyotsozlik, kimyo, neft kimyosi, avtomobil yig’ish, radioelektronika uzluksiz rivojlanmoqda. Energetika sohasida issiqlik va gidroelektrstansiyalar soni ko’payib, quvvati oshmoqda. Mintaqada quvvati 200 MVt ga ega bo’lgan birinchi geoter-mal (yer qa’ridagi issiqlikni elektr energiyaga aylantiruvchi) elektr stansiya ishga tushirilgan. Yiliga o’rtacha 44,3 milliard kVt-soat elektr energiyasi ishlab chiqariladi. Hukumat mamlakat iqtisodiyotida muhim axamiyatga ega bo’lgan xorijiy sarmoyani keng jalb etish siyosatini o’tkazmoqda. 1967-95 yillarda ma’qullangan investisiyalarning umumiy hajmi 131,4 milliard dollarni tashkil etdi, shundan 30 milliard dollardan ortig’i neft va gaz qazib olishga ishlatildi. Sarmoya, asosan, Yaponiya, Buyuk Britaniya, Gonkong, AQSh, Singapur, Tayvan, Niderlandiya, Janubiy Koreyadan olindi. 1995 yildan milliy taraqqiyotning yangi 25 yillik bosqichini amalga oshirishga kirishildi. Bu tadbir Indoneziyani Osiyo-tinch okean mintaqasidagi yangi sanoatlashgan mamlakatlar darajasiga ko’tarishi mo’ljallangan. Indoneziyada dengiz transporti yetakchi o’rinda, portlari: Tanjungpriok (Jakarta porti), Surabaya, Palembang, Balik-Papan, Ujungpan. Dengiz savdo flotida 3130 ming tonna dedveyt tonnajga ega bo’lgan 2 mingdan ortiq kema bor. Temir yo’lning uzunligi 6,6 ming kilometr, avtomobil yo’llari uzunligi 266 ming kilometr. G’arbiy Yevropadan Avstraliyaga boriladigan havo yo’li Jakarta orqali o’tadi. Eng katta neft quvurlari: Tanjung — Balikpapan va Tempino — Plaju. Indoneziya chetga gaz, neft, kauchuk va Kauchuk mahsulotlari, qalay, kofe va hokazolar chiqaradi. Chetdan iste’mol mollari, sanoat xom ashyosi, chala tayyor mahsulotlar, mashina va asbob-uskunalar keltiradi. Tashqi savdodagi mijozlari: Yaponiya, AQSh, Singapur, Germaniya. Pul birligi — Indoneziya rupiyasi. Maorifi, madaniy-ma’rifiy va ilmiy muassasalari. 6 yoshdan 12 yoshgacha bo’lgan bolalar uchun boshlangich majburiy ta’lim joriy qilingan. Boshlang’ich maktabda o’qish muddati 6 yil, o’rta maktabda ham — 6 yil. Davlat maktablari bilan bir qatorda xususiy maktablar ham bor. 1-va 2 — bosqich texnika va tijorat maktablari va shunga o’xshash o’quv yurtlari hunar ta’limini beradi. O’qituvchilar 3 yillik pedagogika maktablari, pedagogika kollejlari va universitetlarda tayyorlanadi. Jakartadagi Indoneziya davlat universiteti (1950 yilda asos solingan), Milliy universitet (1949 yilda asos solingan), Jokyakartadagi Islom xususiy universiteti (1945 yilda asos solingan) va boshqalar bor. 1967 yilda tashkil etilgan Indoneziya fanlar instituti 10 ilmiy tadqiqot instituti, 40 dan ortiq ilmiy muassasa va jamiyatni birlashtiradi. Yirik kutubxonalar: Jakartadagi ommaviy, parlament kutubxonalari, Bandung, Bogora, Jokyakarta, Makassar, Medandagi kutubxonalar. Jakartada Indoneziya madaniyati muzeyi (1778 yilda asos solingan), Bogorada Zoologiya muzeyi (1894 yilda asos solingan) bor. Matbuoti, radioeshittirishi va teleko’rsatuvi. Asosiy gazeta va jurnallari: «Merdeka» («Ozodlik», kundalik gazeta, 1945 yildan), «Pelita» («Mash’al», kundalik gazeta, 1974 yildan), «suara Karya» («Mehnatkash ovozi», kundalik gazeta, 1971 yildan), «Bienie Indonesia» («Indoneziya biznesi», kundalik gazeta, 1985 yildan), «Brita Buana» («Jahon yangiliklari», kundalik gazeta, 1970 yildan), «Brita yudxa» («harbiy yangiliklar», kundalik gazeta, 1970 yildan), «Indonezian ob-server» («Indoneziya sharhi», ingliz tilida chiqadigan kundalik gazeta, 1950 yildan), «biznes Nyus» («biznes yangiliklari», indonez tilida haftasiga 3 marta chiqadigan byulleten, 1956 yildan), «Sinar» («Nur», tadbirkorlarning xaftalik jurnali, 1993 yildan). Antara-Milliy axborot agentligiga 1937 yilda asos solingan. Indoneziya Respublikasi radiosi 1945 yilda tashkil etilgan. Indoneziya Respublikasi televideniyesiga 1962 yil asos solingan. Adabiyoti. Indoneziya hududidan 7-8-asrlarda qadimgi Malayya va Yava tillarida toshlarga bitilgan yozuvlar topilgan. 9-11-asrlarda Yava adabiyoti ravnaq topdi («Ramayana», «Arjunaning to’yi» va boshqalar). 14— 17- asrlarda yavalik yozuvchilar hind mumtoz asarlari (xususan, «Mahabharata») va xalq, ijodi ta’sirida tarixiy mavzuda asarlar («Tantu Pan-gelaran», «pararaton», «Nagaraker-tagama» va boshqalar) yaratdilar. 15-asrdan Yava va Balida yangi adabiy o’lchov — machapat va yangi she’riy shakllar joriy qilinib, folklor bilan bevosita bog’langan dostonlar («Devaruchi», «Pan-Ji Angreni», «Damarvulan») paydo bo’ldi. Yava adabiyoti an’analari 16— 18-asrlardagi Sund va Madur adabiyotining rivojlanishida namuna bo’ldi. 16-asrda dengiz bo’yi shaharlarida malayya tilidagi adabiyot ko’proq rivojlandi. Ache sultonligi (16-17-asrlar) da Hamza Fansuriy, Nuriddin Arrapiriy va boshqalar mashhur Malayya shoirlari ijod qildilar. 18-asrda mamlakat savdosi ustidan Niderlandiya nazoratining kuchayishi Indoneziyaning musulmon davlatlari bilan aloqalarining birmuncha susayishiga olib keldi va natijada Malayya tilidagi adabietning rivoji vaqtincha sekinlashdi. Ayni vaqtda asosiy adabiy til bo’lib qolgan ache tilida «malem, Dagang», «Puchut Muhammad» va boshqa dostonlar yaratildi. 18-asrning 2-yarmi va 19-asrning 1-yarmida Yava adabiyoti ravnaq topdi. Bu adabiyotning mumtoz namoyandalari Yasadipura 1, Rongovarsito asarlarida yangi davr Yevropa madaniyati aks ettirildi. Indoneziyada milliy ozodlik harakatining boshlanishi bilan Malayya tili siyosiy va madaniy jihatdan butun mamlakatning birlashuviga olib keluvchi vosita bo’lib qoldi. 19-asr oxirida Malayya tilida paydo bo’lgan matbuot yangi adabiyotning rivojlanishiga katta yordam berdi. Yozuvchilardan Marko Kartodikromo va Semaun birinchi bo’lib roman janrida ijod qildilar. 20-asrning 20-30-yillarida S. T. Alishohbona, Xamka, Rustam Effendi va boshqalar yaratgan asarlar, «Pujanga Baru» badiiy, ijtimoiy va siyosiy jurnalning nashr etilishi Indoneziya adabiyoti taraqqiyoti uchun muhim voqea bo’ldi. 30-yillar oxirida bir qator yozuvchilar (H. Anvar, Idrus, P. A. Tur, A. Kartamixarja, U. T. Sontani va boshqalar) ijodida realistik tamoyillar kuchaydi. 50-yillar boshlarida ba’zi yirik yozuvchi va dramaturglar asta-sekin Xalq madaniyati jamiyati (LEKRA) atrofiga jipslashdilar. 1965 yilgi voqealardan so’ng bu jamiyat tugatildi. Hozirgi zamon Indoneziya adabiyotining ilg’or vakillari Realistik an’nani rivojlantirmoqdalar. V. S. Rendra, T. Moxtar, A. Rosidi, G. Poyka she’r va hikoyalarida, M. Bushe, P. Vijaya, I. Simaputang romanlarida va boshqalarning asarlarida Indoneziyadagi muhim ijtimoiy muammolar aks etmoqda. Me’morligi va tasviriy san’ati. Indoneziya hududida mezolit davri (miloddan avvalgi 7—5-ming yillik)ga oid hayvon tasvirlari, neolit davriga xos toshga bitilgan yozuvlar (Sulavesi oroli Janubdagi to’ng’iz tasviri, o’yma naqshli sopol buyumlar) topilgan. Quyi neolit davridayoq pog’onali qo’rg’onlar, dolmen (tosh maqbara)lar, tosh tobutlar, jez buyumlar — odam haykallari, burama naqshli bolta va turli idishlar yaratilgan. Milodiy boshlarida Nias, sumba, Flores orollarida toshdan yasalgan obidalar xrzirgacha yetib kelgan. Keyingi davrlarga oid me’moriy yodgorliklar, haykallar dinning kuchli ta’sirida yaratilgan (7-8-asrlarga oid Arjuna, Shrikandi, Bximo ehromlari, ularda Budda afsonalari asosida yaratilgan bo’rtma haykaltaroshlik asarlari). Yavada barpo etilgan Borobudur ibodatxonasi 8-9-asrlardan qolgan eng yirik yodgorlikdir. Bu exrom ulkan tosh piramidaga o’xshab ketadi. Uning aylanasi, bir necha kilometrli supasi diniy syujetli rasmlar bilan bezatilgan. Borobudur yaqinida saqlangan haykallar xam diniy mavzular asosida yaratilgan. 8-asr o’rtalaridan Mataramda hinduilik rasmiy dinga aylangach, binolar — lar Jongrang (9-asr), (14-15-asrlar) va boshqa ibodatxonalar Hinduilik ruhida qurilgan. 13-15-asrlarda Majapaxit imperiyasi davrida hind madaniyati ta’siri susayib, mahalliy an’analar ahamiyati kuchaydi. 16-asrdan masjid va madrasalar qurila boshladi. 18-20-asrlarda Indoneziya shaharlari qurilishiga Yevropa (ayniqsa, golland) me’morligi katta ta’sir ko’rsatdi. Jakarta, Bandung va boshqa shaharlarda ma’muriy binolar, mehmonxona, in-stitut, kasalxona, stadion, sanoat korxonalari va boshqa inshootlar funktsionalizm ruhida qurildi. Turar joy va jamoat binolari qurilishida tropik iqlim xususiyatlari hisobga olindi (Bandungdagi texnologiya instituti va boshqalar). Indoneziya san’atining yirik markazi — Bali orolida xukmdorlarning qoyalardagi maqbaralari (11 — 12-asrlar) da, 14— 15-asrlarga oid ehromlarda devoriy rasmlar saqlangan. Kitob miniatyurasi ham rivoj topgan. Xalq san’ati rivojini yog’ochdan qurilgan binolarda, metall, yog’och, suyak buyumlar, gulli matolarda ko’rish mumkin. 17-asrdan boshlab, golland mustamlakachilari va boshqa bosqinchilarning jabr-zulmi Indoneziya san’ati rivojiga putur yetkazdi. Milliy ozodlik harakati ta’sirida zamonaviy san’at shakllandi (Indoneziya rassomlari uyushmasi, 1937-38 yillari asos solingan). Ozodlik uchun kurash mavzui S. Sujoyono, K. Affandi, B. Abdulloh, I. B. Made va boshqa rassomlar ijodida o’z ifodasini topdi. Qadimgi an’analarga ega bo’lgan xalq amaliy san’ati mustaqillik yillarida gurkirab rivojlandi. Musiqasi hind-Yava madaniyati va Indoneziyada yashagan boshqa xalqlar madaniyatining rivojlanishi jarayonida vujudga kelgan. 1-ming yillik oxiri va 2-ming yillik boshida Yavada rivojlangan musiqa madaniyati Janubiy Sumatra, Bali, Madur va boshqa orollardagi musika rivojiga ham ta’sir etdi. Qadim zamonlardan musiqa qishloq aholisi turmushiga singib ketgan, hosil yigimi, don yanchish kabi mehnat jara- yonlarida qo’shiq yangrab turgan. Janubiy Sharqiy Osiyodagi boshqa musiqiy madaniyatlardan farqli o’laroq, indonezlar xor qo’shiqchiligi an’analarini davom ettirib kelayotir. Rivojlangan geterofoniya va ko’p ovozlilik Indoneziya musiqasiga xos xususiyatdir. Xalq cholg’u asboblari orkestri gamelan — Indoneziya mumtoz musiqa san’atining cho’qqisi hisoblanadi. 16-asrda an’analari negizida kronchong musiqa shakli vujudga keldi. Indoneziya mustaqillikka erishgach (1945), umummilliy musika madaniyati rivoji uchun qulay imkoniyat tug’ildi. Professional va havaskorlik jamoalari, kamer orkestrlar xalq an’analarini rivojlantirayotir. Sujasmina, A. Pasaribu, Susbini va boshqa taniqli kompozitorlar professional musiqa namoyandalaridir. Jokyakartada musiqa maktabi (1952 yildan), Surakartada konservatoriya hamda milliy mumtoz musiqa maktabi (1960) ochildi. 1968 yildan Jakartada simfonik orkestr ishlaydi. Teatr san’ati azaldan xalq bayramlari va diniy marosimlarda o’tkaziladigan tomoshalardan boshlangan. Topengdalang (ijrochilar niqob kiyib imo-ishoralar bilan raqsga tushadi) va Vayang-orang (qonunlashgan teatr vositalariga qat’iy rioya qilinadi) kabilar Indoneziyaga xos an’anaviy teatr shakllaridir. Indoneziyada qo’g’irchoq va soya tushirish teatrlari ham rivojlangan. Teatr tomoshalarining asosini qadimgi hind eposlari — «Ramayana», «Mahabharata» dan olingan parchalar, Arab rivoyatlari va mahalliy ertaklar tashkil etgan. 19-asr oxiri va 20-asr boshida zamonaviy teatrlar tashkil topdi. 50-60-yillarda «Marxaen», «Triskokanten» kabi guruhlar shuxrat qozondi. Ular Indoneziya milliy dramaturglari — Utuy Tatang Sontani, Abu Xapifax, Ali Muhammad, Sanusi Pane va boshqalar, shuningdek, G. Ibsen, A. P. Chexov hamda N. V. Gogol asarlarini sahnalashtirdi. 50-yillardan Milliy teatr akademiyasi va boshqalar ishlay boshladi. Kinosi. Dastlabki filmlar 20-asr 20-yillar o’rtalarida golland rejissyorlari tomonidan suratga olingan. 30-yillar 1-yarmidan xitoylar bilan hamkorlikda Indoneziya rejissyorlari (Anjar Asmara va boshqalar) indonez tilida ovozli filmlar yarata boshladilar. Dehqonlar hayotini aks ettiruvchi «Parex» (1935, rejissyor M. Franken), «Yorqin oy» (1937, rejissyor A. Balink) singari ko’pgina filmlar aktyorlar Moxtar va Rukiyax ishtirokida yaratildi. Yaponlar okkupatsiyasi davrida kinematografiya yapon tashviqotiga xizmat qildirildi. Ammo «Yomg’ir» (rejissyor I. Perbatasari) va «Orzularim» (rejissyor S. Palindi) filmlarida xalqning milliy xususiyatlarini ifodalashga muvaffaq bo’lindi. Urushdan keyin milliy mutaxassislar yetishib chiqa boshladi, voqeiy filmlar yaratish kuchaydi. Jakartada birinchi davlat kinofirmasi «PFN», xususiy kinofirma «Perfini» tashkil etilishi natijasida ko’plab badiiy filmlar ishlab chiqarildi. «Majruh» (1952), «Turang», «Vatanga qaytish» (1954), «Maktab devori orqasida», «tilla qo’ng’iz», «Shafqatsiz gunoh» va boshqa filmlar ilg’or g’oyalarni targ’ib qildi. 60-yillar oxiridan milliy kino ishlab chiqarish yana avj ola boshladi. Keyingi yillarda rejissyorlardan V. Umboxning «mitti yulduzlar», «Onajon», «shaxs», «bokira kelin», «to’y», «novcha o’ynash», T. Junandining «Onaginam», «puch orzu», S. Jayning «harir binafsha-rang tuman», S. Suvardi Hassanning «baxtsiz o’gay qiz», «umidsizlik ko’z yoshlari» kabi badiiy filmlari mashhur bo’ldi. O’zbekiston — Indoneziya munosabatlari. Indoneziya O’zbekiston Respublikasi suverenitetini tan olib, diplomatiya munosabatlari o’rnatganidan keyin ikki mamlakat o’rtasida iqtisodiy hamkorlik, savdo-sotiq rivojlana boshladi. O’zbekiston Respublikasi Prezidenti I. Karimovning 1992 yil iyunida Indoneziyaga tashrifi davomida ikki mamlakatning o’zaro munosabatlariga mustahkam asos yaratildi. Tashrif chog’ida «iqtisodiy va texnikaviy hamkorlik to’g’risida bitim», «o’zaro munosabatlar haqida qo’shma axborot», shuningdek, O’zbekiston Respublikasi tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligi bilan «PT Prima komeksindo» kompaniyasi o’rtasida hamkorlik qilish to’g’risyda hujjat imzolandi. 1995 yilda Indoneziya Prezidentining O’zbekistonga qilgan tashrifi davomida ikki tomonlama hamkorlik, havo transporti va turizm soqasida bir qator muhim hujjatlarga qo’l qo’yildi. Umuman o’zaro manfaatli hamkorlik qoidalari va yo’nalishlarini belgilovchi 10 ta hujjat qabul qilingan. O’zbekiston Respublikasi bilan Indoneziya o’rtasidagi tovar aylanmasi 2000 yilda 361,8 ming AQSh dollarini tashkil etdi. Indoneziya O’zbekistondan kalava ip sotib olmoqda va transport sohasidagi xizmatdan foydalanmoqda. Ayni vaqtda Indoneziya O’zbekistonga elektr asbob-uskunalari, qora metalldan yasalgan buyumlar va baliq mahsuloti sotmoqda. Indoneziyaning «PT Bakri kommunikeyshn Korporeyshn» kompaniyasi bilan O’zbekiston aloqa va axborotlashtirish agentligi barpo etgan «O’ztelekominterneyshnl» qo’shma korxonasi Surxondaryo, Qashqadaryo, Jizzax va Samarqand viloyatlarida o’z filiallarini ochgan. Bundan tashqari, Indonez investorlarining sarmoyasi 100% bo’lgan 2 ta korxona tashkil etilgan; «Buztel» va «Bakri Investido» korxonalari uyali telefon stansiyalari qurish va ularni ishlatish hamda sayyohlarga xizmat ko’rsatish, mehmonxona xo’jaligini yo’lga qo’yish bilan shug’ullanadi. O’zbekiston Respublikasida «PT Tirtamas komeksindo» va «PT Bakri Kommunikeyshn Korporeyshn» kompaniyalarining vakolatxonalari ishlab turibdi.