Iqlim mavsumlari

Iqlim mavsumlari – yilning iqlim xususiyatlari bo’yicha bo’linadigan qismlari. Iqlim mavsumlari va ularning davomiyligi yer sharining turli rayonlarida turlicha bo’lgan. Namlik bir tekis, temperatura amplitudasi kichik ekvator mintaqasida yilni Iqlim mavsumlariga ajratishga hojat yo’q. Yog’inlarning yillik o’zgarishi yaqqol ifodalangan subekvatorial mintaqalar quruq va yog’inli Iqlim mavsumlariga ajratiladi. Mussonli tropiklarda quruq qish va namli yozdan tashqari, mussonlar almashinuvida qisqa o’tish mavsumlariga ham ajratiladi, bunda yozgi musson boshlanishi oldidagi bahor ko’pchilik hollarda yozga qaraganda iliqroq keladi. O’rta kengliklarda, xususan, O’zbekistonda 4 ta mustaqil mavsum (bahor, yoz, kuz, qish) yaxshi ifodalangan. Qutb rayonlarida bahor va kuz qisqa o’tish mavsumlariga aylanadi. Tropik mintaqalarda (shimoliy va Janubiy tropiklar oralig’ida) Quyosh yilda 2 marta zenitda bo’ladi: ekvatorda kunduz davomiyligi butun yil davomida 12 soatga teng, tropik mintaqalarda esa 11 — 13 soatgacha oraliqda o’zgaradi. Tropik mintaqada atmosferaning yuqori chegarasiga keladigan quyosh radiasiyasining yil davomidagi oqimi kichik amplitudali o’zgaradi va ikkita maksimumga erishadi. O’rta mintaqalarda atmosfera yuqori chegarasida gorizontal yuzaga keluvchi quyosh radiatsiyasi oqimi tropikdagi oqimdan kam farqlanadi: Quyoshning kichik balandligi kunduzning uzoq davomiyligi qisobiga qoplanadi. Ammo, qishda radiatsiya oqimi qutb tomon kenglik bo’yicha tez kamayib boradi. Qutbiy kengliklarda kunduzlarning uzoq davomiyligi tufayli yozgi radiasiya oqimi yetarlicha katta. Yozgi quyosh tik turishi kunida qutbda gorizontal yuzaga keluvchi radiasiya hatto ekvatorga qaraganda ko’proq. Biroq qutbda qishki yarim yillikda radiasiya oqimi umuman kuzatilmaydi. Yo’ldosh Tog’aymurodov.