IQTISODIY RAYON

IQTISODIY RAYON, iqtisodiy- geografik rayon — tabiiy va iqtisodiy sharoitlari bir xil va xalq xo’jaligi tarixan tarkib topgan, ixtisoslashgan ishlab chiqarishga ega bo’lgan hudud; mamlakatning hududiy ishlab chiqarish majmuidan iborat bir qismi. Har bir Iqtisodiy rayon o’zining yetakchi, asosiy xo’jalik tarmoqlariga ega bo’lib, bu tarmoqlar Iqtisodiy rayonning iqtisodiy qiyofasini belgilaydi, ayni paytda, har bir Iqtisodiy rayonda shu rayonning yetakchi xo’jalik tarmog’iga xizmat qiladigan, uni to’ldiradigan yordamchi tarmoqlar ham bo’ladi. Iqtisodiy rayondagi asosiy omil hududiy ijtimoiy mehnat taqsimotidir. Shu taqsimot tufayli ayrim rayonlar ishlab chiqarishning ma’lum tarmoqlari bo’yicha ixtisoslashadi, rayon doirasida va rayonlararo iqtisodiy aloqalar amalga oshadi. Ilmiy jihatdan to’g’ri tashkil etilgan Iqtisodiy rayonlar xalq xo’jaligi sohalarini rivojlantirish va uni to’g’ri boshqarishga yordam beradi, milliy xo’jalik tizimining hududiy tuzilmasini qulaylashtirishga, davlatning mintaqaviy siyosati vazifalarini hal etishga xizmat qiladi. Iqtisodiy rayonga bo’lish ishlari ko’pgina mamlakatlarda, shu jumladan, AQSh, Frantsiya, Germaniya kabi rivojlangan mamlakatlarda ham amalga oshirilgan. O’zbekistonda mamlakat hududini Iqtisodiy rayonlarga bo’lish bo’yicha dastlabki ishlar istiqbolni rejalashtirish bilan bog’liq holda O’zbekiston Fanlar Akademiyasi iqtisodiyot institutida 60-yillar boshida amalga oshirilgan. Bunga qadar G. N. Cherdantsev, N. G. Tsapenko, V. M. Chetirkinlarning ilmiy ishlarida respublika hududini Iqtisodiy rayonga bo’lish masalalari bo’yicha ayrim qarashlar olg’a surilgan. Keyinchalik, 80-yillar boshlarida O’zbekiston Fanlar Akademiyasi Iqtisodiyot instituti va ishlab chiqaruvchi kuchlarni o’rganish kengashi tomonidan bu ish davom ettirildi, respublika hududini Iqtisodiy rayonlashtirishni takomillashtirish ishlab chiqaruvchi kuchlarni rivojlantirish va joylashtirishning uzoq muddatli isiqbollari ehtiyojlari, ilmiy-texnika progressining kompleks dasturini ishlab chiqish bilan bog’liq holda olib borildi. Iqtisodiy rayon muammolari va uni hal qilish bo’yicha takliflar olimlardan S. K. Ziyodullaev, K. N. Bedrintsev va boshqa asarlarida yoritildi. Dastlab, 60-yillar o’rtalarida Respublika hududi 5 Iqtisodiy rayonga ajratilgan edi (Toshkent, Farg’ona, Zarafshon, Quyi Amudaryo, Surxondaryo). 80-yillar oxiri — 90-yillar boshida respublika hududida ishlab chiqaruvchi kuchlarni rivojlantirish va joylashtirishda yuz bergan o’zgarishlarni hisobga olgan qolda yangi Iqtisodiy rayon o’tkazildi va O’zbekiston hududi takomillashgan 7 Iqtisodiy rayonga bo’lindi. Toshkent Iqtisodiy rayon (tarkibida Toshkent viloyati va Toshkent shahri) iqtisodiy rivojlanish darajasining nisbatan yuqoriligi, mineral xom ashyo resurslariga boyligi, aholining zich joylashganligi, qulay iqtisodiy-geografik holati (Markaziy Osiyoga va undan Rossiyaga chiqadigan transport yo’lagi), poytaxt mintaqasi maqomi bilan ajralib turadi. Qishloq xo’jalik sertarmoq (paxtachilik, donchilik, kanopchilik, pillachilik, shahar atrofi bog’dorchiligi, sabzavotchilik, go’sht-sut chorvachiligi va boshqalar) va rivojlangan. Mamlakatdagi yetakchi Industrial rayon. Sanoatning rivojlanish darajasi mamlakat bo’yicha o’rtacha ko’rsatkichdan 2 marta yuqori turadi. Undiruvchi sanoat tarmoqlari bilan bir qatorda ishlov beruvchi sanoat tarmoqlari ham ustunlik qiladi. Bu Iqtisodiy rayon sanoat majmuida O’zbekistondagi mashina va uskuna-jihozlarning 70% ni ishlab chiqaradigan mashinasozlik majmui yetakchi o’rinda turadi, mamlakatda qora va rangli metallurgiya mahsulotlari ishlab chiqarishda asosiy o’rinni egallaydi. O’zbekiston metallurgiya ktida tayyor qora metallar prokati — 100%, Olmaliq kon-metallurgiya kombinatida mis va ruxning asosiy qismi, ko’mir qazib chiqarish (96,6%), asosiy kimyo va organik sintez kimyoviy mahsulotlari (mineral o’g’itlarning 39,4%, xom ashyo etil spirtining 36,2%), ko’pgina qurilish materiallari va konstruktsiyalari (Tsementning 40%, shiferning 58,6%, linoleumning 100%, deraza oynasining 23,8%) ishlab chiqariladi. Rayon qudratli qurilish bazasi, qalin transport tarmog’iga ega, mamlakatning ilmiy, loyiha va konstruktorlik potentsiali, kadrlar tayyorlash bo’yicha muas-sasalarning asosiy qismi shu rayonda joylashgan. Jizzax — Sirdaryo Iqtisodiy rayon (tarkibida Jizzax va Sirdaryo viloyatlari) yaqin o’tmishda Toshkent Iqtisodiy rayonning chekka semiki tashkil qilar edi. Keyinchalik mustaqil Iqtisodiy rayonga ajratilgan. Mirzacho’l va Jizzax cho’llarini o’zlashtirish munosabati bilan bu rayon jadal rivojlandi va muayyan xo’jalik mustaqilligiga ega bo’ldi. Mamlakatda paxta yetishtiruvchi yirik rayon hisoblanadi (yalpi hosilning 25%). Rayon sanoati shakllanish bosqichida, uning tuzilmasida paxta tozalash sanoati va issiqlik energetikasi (keltiriladigan gaz hisobiga) ning hissasi katta. Jizzax cho’lini yanada o’zlashtirish rayon rivojining asosiy omillaridan biri hisoblanadi. Sanoat-fuqarolik qurilishi uchun yer resurslarining ko’pligi, qulay iqtisodiy-geografik va transport sharoitlari, Toshkent, Farg’ona, Samarqand- Qashqadaryo Iqtisodiy rayonlariga qo’shniligi bu yerda ishlov beruvchi sanoat korxonalarini joylashtirish, aholini zich joylashgan hududlardan ko’chirib keltirish, istiqbolda erkin iqtisodiy zona barpo etish imkoniyatlarini beradi. Farg’ona Iqtisodiy rayon (tarkibida Farg’ona, Andijon, Namangan viloyatlari)da yer- suv va mineral xom ashyo resurelari g’oyat cheklangan, lekin mehnat resurslariga g’oyat boy — O’zbekistonda aholi eng zich joylashgan hudud. Rayonni rivojlantirishning asosiy yo’nalishi mavjud qishloq xo’jalik resurslari xom ashyosi (paxta, meva, sabzavot, pilla)ga mo’ljallangan mehnattalab ishlab chiqarish tuzilmasini barpo etishdan iborat. Qishloq xo’jalik, asosan, paxtachilikka ixtisoslashgan (yalpi paxta hosilining 26%). Rayonda ipakchilik, kimyo sanoati (mineral o’g’itlar ishlab chiqarish), neftni qayta ishlash (Oltiariq, Farg’ona), butun Markaziy Osiyoda yagona bo’lgan yengil avtomobillar ishlab chiqaradigan «O’zDEU Avto» qo’shma korxonasi (Asaka shahri) muhim ahamiyatga ega. Samarqand — Qashqadaryo Iqtisodiy rayon (tarkibida Samarqand va Qashqadaryo viloyatlari) mamlakatning Markaziy qismini ishg’ol qiladi. Uning hududidagi tog’li va tog’oldi adirliklarida qadimgi lalmikor dehqonchilik, bog’dorchilik rivojlangan (jami lalmikor erlarining 1/3 qismi shu rayonga to’g’ri keladi), ilgari Qorako’l qo’ylari boqilgan cho’l zonasida paxtachilik jadal rivojlanmoqda. Rayon qattiq bug’doy navlari, zig’ir, beda kabi ekinlar, uzum, mayiz, mevalar, ertagi sabzavotlar yetishtiruvchi asosiy hududlardan biriga aylanadi. Rayon tarkibida qarshi cho’lini o’zlashtirish negizida ingichka tolali paxtachilik bazasi bo’lib qoladigan Qashqadaryo hududiy-ishlab chiqarish majmui shakllanmoqda. Rayonda gaz (Sho’rtan gaz majmui, muborak gazni qayta ishlash zavoi), kimyo sanoati, mashinasozlik, metallga ishlov berish kabi sanoat tarmoqlari jadal rivojlanmoqda. O’zbekistonda qazib olinadigan neftning 95%, tabiiy gazning 95,8% shu rayonga to’g’ri keladi. Buxoro — Navoiy Iqtisodiy rayon (tarkibida Buxoro va Navoiy viloyatlari) Qizilqum cho’lida joylashgan, rayon, asosan, gaz, neft, rangli va qimmatbaho metallar, qurilish materiallari uchun xom ashyo va boshqa mineral zaxiralarni qazib olish negizida rivojlanmoqda. Navoiy kon- metallurgiya kombinati, Navoiy, Zarafshon (Muruntov), Uchquduq, Tasqazg’an, Gazli sanoat bog’lamlarida oltin qazib olish sanoati, rangli metallurgiya, kimyo (mineral o’g’itlarning ), gaz, qurilish materiallari (tsementning 40,3%) sanoati korxonalari respublika iqtisodiyotida salmoqli o’ringa ega. Qishloq xo’jaligida paxtachilik, qorako’lchilik va rayon ichki ehtiyojlarini qondiradigan meva-sabzavotchilik asosiy tarmoqlar hisoblanadi. Amu-Buxoro mashina kapali bilan sug’orish imkoniyatlari bu rayonda sug’orma dehqonchilikni rivojlantirishni cheklaydi. Quyi Amudaryo Iqtisodiy rayon (tarkibida Qoraqalpog’iston Respublikasi va Xorazm viloyati) qadimgi sug’orma dehqonchilik mintaqasida joylashgan. Rayonda, ayniqsa, Ustyurtda 200 dan ortiq foydali qazilmalar konlari (tabiiy gaz, temir rudasi, fosforitlar, osh tuzi va boshqalar) topilgan, bu hududda paxtachilik bilan bir qatorda sholichilik, polizchilik (Xorazm qovunlari), urug’lik beda, sabzavotchilik rivojlanadi. Boy mineral xom ashyo resurslaridan kompleks foydalanish asosida yaqin istiqbolda 2 sanoat rayoni va bir qator sanoat bog’lamlari paydo bo’ladi. Orol dengizining qurib borishi va Orol bo’yining saxroga aylanishi jarayonlari bilan bog’liq holda vujudga kelgan murakkab ijtimoiy-iqtisodiy vaziyat hududni rivojlantirish istiqbollarini qo’shni Turkmanistonning Toshhovuz viloyati bilan muvofiqlashtirilgan holda hal etishni talab etadi. Surxondaryo Iqtisodiy rayon (tarkibida Surxondaryo viloyati) O’zbekistonning eng Janubiy qismini ishgol etadi. Rayonning o’ziga xos geografik holati (deyarli qamma tomoni tog’lar bilan o’ralgan) uning iqtisodiyotiga o’z ta’sirini ko’rsatgan. Rayon iqlimi subtropiklarga yaqin bo’lgani sababli rayon ingichka tolali paxta, subtropik mevalar, ertagi sabzavot etishtirishga ixtisoslashgan. Sanoati ko’mir (Sharg’un toshko’mir koni), neft va gaz kazib olish (mahalliy iste’mol uchun) asosida rivojlangan. Surxon-Sherobod cho’lida yangi yerlarni o’zlashtirish asosida bu hududda ingichka tolali paxtachilik, eksport yo’nalishidagi subtropik mevachilik va ertagi sabzavotchilik rivoj topadi. aniqlangan foydali qazilmalar konlari ni o’zlashtirish bu hududda kon sanoatini va rangli metallurgiyani rivojlantirish imkoniyatlarini yaratadi: Xodiza, Sharg’un — Sariosiyo (rangli metallar, ko’mir, qurilish materiallari), Boysun (toshko’mir, tabiiy gaz, qurilish materiallari) sanoat uzellari shakllanadi. Termiz shahrida va tuman markazlarida, asosan, yengil va oziq-ovqat sanoati korxonalari rivojlanadi. Ad.: Karimov I. A., O’zbekiston XXI asr bo’sag’asida: xavfsizlikka taxdid, barqarorlik shartlari va taraqqiyot ka — folatlari, T., 1997; Bedrintsev A. K., Sovershenstvovanie territorialnoy organizatsii xozyaystva soyuznoy Respubliki, T., 1987; Ekonomicheskoe rayonirovanie O’zbekistana [Pod. Red. K. N. Bedrintseva|, T., 1966. Aleksandr Bedrintsev.