Iroqi
Iroqi -1) kashtado’zlikda chok turi; sidirg’a qoplab (butun va yarim «X» shaklida) to’rga yoki arqoq va tanda iplaridan sug’urib, to’r shakliga keltirilgan matoga tikiladi. Iroqining kesma chiziqdar sanab tikiladigan sanama Iroqi va matoga chizilgan naqsh-gul ustidan tikiladigan chizma Iroqi turlariga bo’linadigan terma (do’ppi, jiyak va mayda buyumlar tikiladi) hamda matoga ip to’shalib, so’ng mayda choklar bilan kesib (yirik kashtalar — palak, so’zana va boshqalar) tikiladigan xillari bor. Shahrisabz kashtado’zligida Iroqi choki qadimdan ma’lum bo’lgan, keyinchalik Toshkent, Samarqand, Farg’ona, Surxondaryo va boshqa joylarda keng tarqalgan. Toshkent va Shahrisabz do’ppilari chok texnikasi jihatidan farq qiladi. Iroqi mujassamoti, badiiy uslubi, tayyorlanishi jihatidan farq qiladi. Iroqi choki boshqa xalqlar (rus, ukrain, latish, tatar, boshqird, qirg’iz, qozoq, tojik va boshqalar) kashtado’zligida ham keng tarqalgan; 2) muqarnas turi; shakldor ravoq chiziqlari o’zaro kesishishi natijasida yasalgan pog’onali suyri bezak.