Ishlab chiqarishni mexanizatsiyalashtirish

Ishlab chiqarishni mexanizatsiyalashtirish — ishlab chiqarish jarayonlarida odamning jismoniy hamda aqliy mehnatini mashinalar va mexanizmlar zimmasiga yuklash. Bundan asosiy maqsad — odamni og’ir mehnat turlaridan ozod qilish, mehnat unumdorligini oshirish, mahsulot tannarxini kamaytirish va boshqalar. U fan-texnika taraqqiyotining asosiy yo’nalishlaridan biri bo’lib, ishlab chiqarish kuchlari taraqqiyotini ta’minlaydi, mehnat samaradorligini oshirishda moddiy asos bo’lib xizmat qiladi. Ishlab chiqarish jarayonining texnik vositalar bilan ta’minlanganlik darajasiga va ish turiga ko’ra, Ishlab chiqarishni mexanizatsiyalashtirish qisman va yalpi (kompleks) mexanizasiyalashtirish darajalari mavjud. Qisman mexanizatsiyalashtirishda asosiy texnologik jarayonlar mashina va mexanizmlar yordamida, yordamchi ishlar esa qo’l kuchi bilan bajariladi. Yalpi mexanizatsiyalashtirishda korxonalar, qishloq xo’jaligi, elektr stansiyalari, shaxtalar, qurilish, dengiz portlari va boshqalar hamma tarmoqlardagi barcha ishlar mexanizatsiyalashtiriladi. Masalan, paxtachilik, g’allachilik xo’jaliklarida erni shudgorlash, ekinlarni ekish, hosilini yig’ib-terib olishdan to tayyorlash punktlariga topshirguncha qilinadigan barcha ishlar mashina va mexanizmlar yordamida bajariladi. Qishloq xo’jaligining rivojlanishida Ishlab chiqarishni mexanizatsiyalashtirish asosiy omillardan hisoblanadi. Qurilishdagi barcha ishlar — yer qazish ishlari, beton qorish, pardozlash, montaj qilish, tosh, shag’al va qumni ortish, ko’tarish, tashish ishlari mexanizatsiyalashtirilgan. Mashinasozlik sanoatini yalpi mexanizatsiyalashtirishsiz tasavvur qilib bo’lmaydi. Xom ashyoni korxonaga keltirishdan to tayyor mahsulot holida iste’molchilarga yetkazib berilgunga qadar qilinadigan barcha ishlar yalpi mexanizatsiyalashtiriladi. Fan va texnika taraqqiyotining hozirgi bosqichida nafaqat jismoniy ishlar, balki aqliy mehnat ham mexanizatsiyalashtirilgan va avtomatlashtirilgan. Masalan, xalq xo’jaligining hamma sohalarida hisoblash ishlari EHM, kompyuterlarda bajariladi. Ishlab chiqarishni mexanizatsiyalashtirish tadbirlari ishlab chiqarishni avtomatlashtirishning asosi hisoblanadi.