Ishlab chiqarishning kontsentrasiyalashuvi

Ishlab chiqarishning kontsentrasiyalashuvi — bir necha bir-biriga yaqin, turdosh mahsulot turlarini ishlab chiqarishning yirik korxonalarda, katta bo’lmagan mintaqa doirasida to’planishi. Kontsentrasiyalashuv ishlab chiqarishni monopollashtirib, yirik korxonalar qurish uchun boshlang’ich kapital sarfini oshirish imkonini beradi. Yirik kontsentrasiyalashgan korxonalarda qayta qurish (rekonstruktsiya) ishlarini olib borish, mahsulotni yangilash qiyin kechadi. Biroquning o’ziga yarasha afzalliklari ham bor. Masalan, kontsentrasiyalanish yuqori darajada bo’lgan korxonalarda ishlab chiqarishni kombinatsiyalashtirish, ixtisoslashtirish jarayonlarini mexanizatsiyalashtirish, avtomatlashtirish imkoniyatlari ko’proq. Ishlab chiqarishning kontsentrasiyalashuvi darajasini aniqlash uchun korxonalar mahsulot hajmi, xodimlar soni, asosiy ishlab chiqarish fondi bo’yicha ishlab chiqaruvchi korxonalar guruhi aniqlanadi. Kontsentrasiyalashuv jarayoniga ishlab chiqariladigan mahsulotning murakkabligi, texnologik ishlov berish usullarining xarakteri, xom ashyo bazasining miqyosi va ishlab chiqariladigan mahsulotga shu hududdagi talab miqdori kabi omillar ta’sir ko’rsatadi. Bu jarayon 20-asrning 20-30-yillarida bir qancha mamlakatlarda avj oldi. Ayniqsa, metallurgiya, avtomobilsizlik, aviatsiya, mashinasozlik, to’qimachilik, poyabzal, qandolatchilik, kimyo, neftni qayta ishlash, tog’kon, qurilish materiallari ishlab chiqarish kabi bir qancha sanoat tarmoqlarida kontsentrasiyalanish keng ko’lamda amalga oshirildi. Hozirgi vaqtda yuqori unumli, ixcham, katta tezlikda ishlaydigan dastgoxlar, uskunalar, mashinalar majmui, shuningdek, xom ashyo, materiallarni qisqa yo’l bilan tayyor mahsulotga aylantiruvchi (kam bosqichli) ilg’or texnologiyalarning yaratilishi bilan yirik kontsentrasiyalashgan korxonalar, umuman, ishlab chiqarishni kontsentrasiyalashtirishga ehtiyoj qolmadi. Aksincha, kichik va o’rta korxonalar kontsentrasiyalashgan yirik korxonalarga nisbatan ko’proq afzalliklarga (mahsulotni tez yangilash, bozor talablariga tezda moslashish, qayta qurish ishlarini kam sarf bilan qisqa fursatda amalga oshirish va boshqalar) ga ega (masalan, rivojlangan mamlakatlarda kichik va o’rta korxonalar salmog’i 70-90% ni tashkil etadi). Biroq tadqiqot va taxlillar avtomobilsozlik, traktorsozlik, neftni qayta ishlash, kimyo, metallurgiya kabi bazaviy sohalarda kontsentrasiyalashuv maqsadga muvofiq ekanligini ko’rsatadi. Chunki bu sohalarda mahsulot ishlab chiqarish ko’p bosqichli, miqyosi katta, uzluksiz jarayon bo’lib, ko’plab operasiyalarni ketma-ket bajarishga to’g’ri keladi. Sadir Salimov.