ISKANDARUN

ISKANDARUN — Turkiyaning Janubidagi shahar, Xatay elida. O’rta dengizning Iskandarun qo’ltig’i sohilidagi port. Aholisi 156,8 ming kishi (1990- yillar o’rtalari). Temir yo’l tarmog’i orqali Adana — Halab (Suriya) temir yo’lga tutashgan. To’qimachilik, metallurgiya, kimyo va oziq-ovqat sanoati korxonalari bor. Mineral o’g’it ishlab chiqariladi. Iskandarun Iskandar Zulqarnayn vorislari tomonidan miloddan avvalgi 4-asr oxirida bunyod etilgan. 1516 yilda shaharni turklar egallagan. 1-jahon urushidan keyin Suriya tarkibida bo’lgan. 1939 yildan yana Turkiyaga qaytarib berildi. Harbiy dengiz bazasi.