Janubiy Turkmaniston arxeologik kompleks ekspeditsiyasi

Janubiy Turkmaniston arxeologik kompleks ekspeditsiyasi (JTAKE) — Turkmaniston Fanlar Akademiyasi Prezidiumi qoshida professor M. E. Massoy boshchiligida tashkil qilingan (1945). JTAKE tosh davri (Jabal Makoni), neolit (Joytun madaniyati), eneolit (Anov, Namozgoh tepa, Go’ksur), jez (Oltintepa) va ilk temir (Yoztepa, Dahiston) davrlari, ayniqsa Parfiya madaniyati bo’yicha muhim arxeologik tadqiqotlar olib borib, yangi va eski Yaisodagi qazishmalar vaqtida jahon tarix fani uchun o’ta muhim ashyoviy dalillar topdi, ulardan ritonlar (fil suyagidan ishlangan) xususidagi ma’lumotlar (M. E. Massoy, G. A. Pugachenkova) Italiyada, Parfiya yozma hujjatlari (V. A. Livshis, I. M. Dyakonov) esa Angliyada nashr etildi. JTAKE shaharlar tarixiy topografiyasi va qadimgi karvon yo’llarini o’rganish borasida ham muhim ilmiy tadqiqotlar olib bordi: Erk qala, G’abr qal’a hamda Sulton qal’a xarobalaridan topilgan idish va buyumlarga tayanib, Marv tarixi davrlarga bo’lindi (Z. I. Usmonova, M. I. Filanovich), Marv vohasida 11 — 12-asrda hunarmandchilik taraqqiy etganligi aniqlandi. JTAKE tomonidan Islomdan avvalgi davr (mazdakiylik, buddizm, xristianlik)ga oid yodgorliklar o’rganildi (G. Ya. Dresvyanskaya). Jumladan Gabr qal’a va Xarobakoshuxdagi cherkov xarobasi hamda Turkmaniston Fanlar Akademiyasining 50-yillarda boshlangan (S. A. Ershova) va ayniqsa, JTAKE tomonidan 60-yillarda Marv atrofidagi nekropol to’la tekshirildi. Marvda Islomga doir arxeologik yodgorliklar (Marvdagi dastlabki masjid, Nomozgoh tepa) xarobalarini qazib o’rganmoqda (T. Xo’janiyozov, B. D. Kochnev), turkman qabilalari etnogenezi (D. I. Ovezov), qad. me’morlik uslublari va antik o’rta asr san’ati bo’yicha ilmiy tadqiqotlar (G. A. Pugachenkova) olib bormoqda. JTAKEning 860 dan ziyod ilmiy ishlari, «Trudi YUTAKE»ning 19 jildi, «JTAKE materiallari»ning 2 nashri va bir qancha monografiyalar nashr etilgan.