Jinsiy a’zolar
Jinsiy a’zolar — ko’payish a’zolari. Hayvonlarning jinsiy a’zolari jinsiy bezlar — gonadalar (urug’don va tuxumdon), jinsiy yo’llar (urug’va tuxum o’tadigan yo’llar) va kopulyativ a’zolardan iborat (bir qancha hayvonlarda tuxum yo’llaridan bachadon va qin ajralib chiqqan). Tirik tug’adigan hayvonlarda yuqoridagilardan tashqari, bola etiladigan a’zolar ham Jinsiy a’zolarga kiradi. Ko’p hayvonlar ayrim jinsli, ya’ni erkak hayvonlarda faqat erkak Jinsiy a’zolar, urg’ochi hayvonlarda faqat urg’ochi Jinsiy a’zolar bo’ladi. Ba’zi hayvonlar (Masalan, bulutlar, ba’zi kovakichlilar, chuvalchanglar, bo’shliqichlilar) qo’sh jinsli. Jinsiy a’zolar birlamchi jinsiy belgilardir. Odamda Jinsiy a’zolar ichki va tashqi Jinsiy a’zolarga bo’linadi: ichki Jinsiy a’zolar (erkaklarda bir juft moyak, ortiqlari bilan, urug’chiqarish yo’llari, urug’pufakchalari va prostate bezi; ayollarda tuxumdon, bachadon, uning naylari va qin) asosan kichik chanoqda joylashgan; tashqi Jinsiy a’zolar [erkaklarda erlik olati bilan yorg’oq, ayollarda katta va kichik jinsiy (uyatli) lablar, qin dahlizi, klitor, qizlik pardasi va Bartolin bezlari] qov birlashmasi (simfiz) tagida joylashgan. Yorg’oqda turadigan bir juft a’zo — moyak erkak jinsiy hujayralari (spermatozoidlar)ni yetishtirib chiqaradi. Moyakning orqa chekkasiga moyak ortig’i taqalib turadi. Moyak ortig’ining dumidan urug’chiqarish yo’li boshlanadi. Bu yo’l urug’tizimchasi tarkibida chov kanali orqali kichik chanoqqa kiradi va qovuq tubiga yetib borib, kengayadi (urug’ chiqarish yo’lining ampulasi). Ampulaning oxirgi qismi urug’pufakchasining yo’liga qo’shilib, urug’otish yo’liga aylanadi. Bu yo’l prostata bezini teshib o’tib, siydik chiqarish kanali (uretra) ning prostatik qismiga ochiladi. Urug’ pufakchasida urug’yig’ilib turadi. Erlik olati (zakar) ikkita g’orsimon tana bilan bitta g’ovak tanadan tuzilgan. G’ovak tananing oxirgi qismi kengayib, olat boshchasini hosil qiladi. G’ovak tana ichidan uretra (siydik chiqarish kanali) o’tadi, u olat boshchasiga ochiladi. Erlik olati sohasida teri yig’ilib, burmalanadi (chekka kertmak). G’orsimon tana to’qimasida venoz qon bo’ladi: jinsiy qo’zg’alishda shu tanaga qon shiddat bilan kelib, erektsiya ro’y beradi. Ayollar jinsiy bezi — tuxumdonning po’stloq va mag’iz (miya) qavati bor. Po’stloq qavatda juda kichik va sekin- asta kattalashib etiladigan Graaf Pufakchalari turadi. Har qaysi pufakchada 28 kunda bittadan jinsiy hujayra — tuxum yetiladi. U bachadon naylari orqali bachadonga keladi. Bachadon bo’yni bilan tashqi Jinsiy a’zolar o’rtasidagi kanal — qinning ustki qismiga bachadon bo’yni kirib turadi, qin teshigi esa jinsiy lablar orasidan tashqariga ochiladi. Kichik jinsiy lab tubining ikki tomonida g’orsimon tana bor, uning orqa uchi tagidagi juft bezlar (Bartolin bezlari )dan ishlanib chiqadigan sekret kichik jinsiy lab b-n qin daxlizi shilliq pardasini namlab turadi. Klitor erkak olati kabi g’orsimon tanadan tuzilgan, qon tomirlar va nervlarga boy, terisida nerv oxirlari ko’p bo’lib, u jinsiy his a’zosidir. Qin daxlizi — oldingi tomondan klitor, orqa tomondan katta jinsiy lablarning orqadagi bitishmasi, ikki yon tomondan kichik jinsiy lablarning ichki yuzasi bilan chegaralangan. Qin dahliziga siydik chiqarish kanali (uretra) ochiladi. Uretraning bo’yi ayollarda 3-4 santimetr, eni o’zgaruvchan, kanali oson cho’ziladi. Qiz bolalarda qin teshigi yupqa parda (qizlik pardasi) bilan bekilib turadi. Parda o’rtasida kichkina teshik bor. Ad.: Ahmedov N. K., Normal va Patologik anatomiya bilan fiziologiya, T., 1997. Nosir Ahmedov.