KO’HNA ARK

KO’HNA ARK — Xivadagi me’moriy yodgorlik (17-19-asrlar). Ichan qalaning g’arbiy qismida joylashgan. Ko’hna Ark (tarhi 130 x 93 metr)dagi binolar, asosan, 17-asrda Ano’shaxonning o’g’li Arangxon davrida usta, shoir Mavlono Vafoiy tomonidan qurilgan. 1804-06 yillarda qayta tiklab ta’mir etilgan. Ko’hna Ark to’rt hovliga bo’linib, atrofi baland paxsa devor bilan o’ralgan. Sharq tomondagi darvozadan o’ng tomondagi yo’lakka o’tilib, u orqali saroy masjidi va xonning zarbxonasiga boriladi. Haramxona arkning shim.da, ko’rinishxona g’arbiy qismida, o’rtasida Oq Shayx bobo ko’shki joylashgan. Darvozaning chap tomonida xonning xizmatkorlari yashaydigan xonalar, omborxona va otxonalar bo’lgan (saqlanmagan). Zarbxona (14,0 x 17,0 metr) Muhammad Rahimxon I hukmronligi davrida (1806— 25) bunyod etilgan. Masjid (15,8 x 12,8 metr) va ayvoni (7,4 x 13,0 metr) hamda qator xonalar (10,0 x 10,0 metr) hovli atrofida joylashgan. Hovlining Janubdagi ayvon shimolga qaratib qurilgan. Devorlari rang- barang parchinlar bilan bezatilgan. Shiftini ikki qatorli 6 ta ustun ko’tarib turadi. Ustun tepasi qoshlar bilan, poy- ustuni marmar kursilar bilan bezatilgan. Janubiy devorining o’rtasida mehrob bor. Janubiy-g’arbiy burchagiga esa minbar o’rnatilgan. Ayvonning yon tomonidagi eshikdan xonaqohga kiriladi. Uning devori chorsi g’ishtlardan terilgan, bezaksiz. Tomi yog’och to’sinli vassalar bilan yopilgan. Zarbxonaning xonalari pishiq g’ishtdan qurilgan, tomi balxi gumbaz bilan yopilgan (1937 yilda gumbazlari qayta tiklangan). Ko’rinishxona — xon qabulxonasi, Arangxon hukmronligi davrida (1686— 88) qurilgan. Hozirgi ko’rinishi Eltuzarxon tomonidan barpo etilgan (1804-06). Koshinqori bezaklari Olloqulixon hukmronligi davriga (1825-43) xos. Umumiy o’lchami 27,8 x 26,9 metr. Hovli (13,5 x 17,5 metr)ning Janubda shimolga qaratib qurilgan baland ayvon va ikki yonidagi guldastalar koshin-parchinlar bilan bezatilgan. Ayvonning orqa tomonida xon qabulxonasi — taxt turadigan xona joylashgan. Xona devorlari ganchkori naqshlar bilan bezatilgan. Sharqiy devoriga kosamonlar ishlangan. G’arbiy devoir muqarnasli, u yerda xonning taxti bo’lgan (hozir Moskvadagi qurol-aslaha palatasida saqlanmoqda). Xona shiftlari A. Boltaev va R. Masharipovlar tomonidan qayta ta’mirlangan (1934). Chap tomonidagi eshikdan hovliga chiqilgan. Omborxona, otxona va xizmatkorlar yashaydigan xonalarni (saqlanmagan) ko’rinishxona bilan bog’laydigan yo’lak bor, uning o’ng tomonidagi kichik hujradan zina orqali ikkinchi qanatga chiqilgan. Hovlining g’arbiy tomonida qator xonalar ikki qanatli bo’lgan (1998-99 yillarda ikkinchi qanati qayta tiklandi). Shimoldagi xonalar 20-asr boshlarida Yevropa uslubida qurilgan. Hovlining o’rtasida g’ishtdan ishlangan doira shaklidagi supaga chodir tikilib, u yerda xon elchilarni qabul qilgan. Haramxona Muhammad Rahimxon II hukmronligi davrida qurilgan (1865- 1910). Umumiy hajmi 62,0 x 32,6 metr bo’lib, katta hovli (50,0 x 14,5 metr)ning shimoliy va Sharqiy tomonida ikki qanatli qator xona va ayvonlar bor. Shim.dagi ikki qanatli xonalarning birinchi qavati Yevropa uslubida qurilgan, har biri bilan daxliz orqali bog’langan. Ikkinchi qanatda qator ustunli ayvonchalar bor. G’apbiy qismidagi ayvon baland qurilgan bo’lib, ikki yonidagi guldastalari bilan ajralib turadi. Guldastalar gumbazi rangli koshinlar bilan qoplangan. Ayvon to’sinlari va ustunlari, panjaralar Xiva me’morligiga xos uslubda bezatilgan. Ayvon va xonalar shifti turli rangdagi bo’yoqli naqshlar bilan bezatilgan. Ganchdan kosamonlar va turli naqshlar ishlangan. Hozir haramxonaning bir qismida muzey-qo’riqxona idorasi joylashgan. Oq Shayx bobo ko’shki ning umumiy hajmi 60×40 metr, balandligi 11 metr bo’lib, xom g’ishtdan piramida shaklida sharqqa qaratib qurilgan ikki qanatli ayvon shaklidagi bino (taxminan 2-3-asrlar). 16— 18-asrlarda qayta qurilib, harbiy maqsadlar uchun moslashtirilgan. Ko’shkga ikki minora o’rtasidagi zinalar (1993-96 yillarda qayta tiklangan) orqali chiqilgan. Hozir oq Shayx bobo ko’shki 19-asr oxiridagi fotosuratlar va ilmiy tadqiqot asosida asl holiga keltirilib, ta’mirlangan. Abdusafiy Rahmonov.