Konfet qayerda paydo bo’lgan?
Deyarli har bir mamlakatda qadim zamonlarda ham konfetga o’xshash qandaydir bir ne’matni tanavvul etishgan. Misrda o’tkazilgan qazish ishlari paytida konfetlar qanday ko’rinishda bo’lganligi va ular qay tariqa tayyorlanganligi to’g’risida ma’lumotlarga ega suvratlar va bitiklar topilgan. O’sha zamonlarda tozalangan shakar odamlarga tanish bo’lmagan, chunki asalni shirinlik sifatida iste’mol qilishar edilar-da. Misrda konfetning asosiy masallig’i xurmo bo’lgan. Ayrim Sharq mamlakatlarida har bir qavm o’z qandolatpaziga va maxfiy reseptlariga ega edi. Bu mintaqalarda bodom, asal va anjirdan uzoq zamonlar konfet tayyorlash uchun foydalanildi. Qadimgi Rimda mavjud bo’lgan reseptga ko’ra, yong’oq va ko’knori donlari asalga qo’shib qaynatilgan, keyin esa qalampir va asal shimdirilgan kunjut urug’i sepilgan. Natijada yong’oqholvaga o’xshash bir taom chiqqan. Yevropada shirin sirop ichishardi, biroq undan dorilarning noxush ta’mini unutish uchun foydalanishgan. Konfet pishirish ustida birov bosh ham qotirmagan. Ammo, XVII asrda Yevropaga katta miqdorda shakar keltirila boshlangach, qandolatpazlik tag’in bir san’at turiga aylandi. Fransuzlar mevalarni shakarga bosdilar va yangi retseptlar ishlab chiqdilar. Ulardan biri «prolings» deb atalgan yong’oqli shirin sirop edi. U mashhur yangi Orlean prolingsi-holvasining o’tmishdoshi bo’lgani ehtimoldan xoli emas. Mustamlakalarni egallab olish zamonida va keyinchalik zarang shakari, qora qiyom va asaldan xonaki sharoitda konfet tayyorlashda foydalanishgan. Bizning qadimgi momolarimiz gulsafsar ildizi va zanjabil shinnisini qo’shishganda, obakidandon pishirishgan. Yirik konfet ishlab chiqarishda qo’llaniladigan asosiy tarkib ashyo shakarqamish shakari yoki lavlagi shakari sanaladi. Uni jo’xori siropi, jo’xori shakari, yalpiz, asal, limono’t va zarang shakari bilan aralashtirishadi. Shundan so’ng shokolad, mevalar, yong’oq, tuxum, sut va sut mahsulotlari, shuningdek vanilin va rang beruvchilar qo’shilgan. Ba’zi bir bo’ylar vanilin, limon, qalampirmunchoq singari tabiiy manbalardan, ba’zilari esa sun’iy yo’l bilan hosil qilingan.